Mirziyoyev BRICS'ning qutlash marosimida qatnashdi
Jamiyat
−
24 Oktabr
3706Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahridagi BRICS sammitida ishtirok etayotgan delegatsiyalar rahbarlarini qutlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Kazan Expo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Marosimda bir qator mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng tantanali qabul marosimi o‘tkazilgan.
Bugun, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston yetakchisi “BRICS plyus” formatidagi sammitning yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 23 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahriga tashrifi doirasida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgandi.
Davlat rahbari, shuningdek, BRICS sammiti doirasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Suhbat davomida O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqilgandi. Ikki davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidlagan.