Mirziyoyev birinchi marta “ko‘cha”larga boshlangan tozalash haqida so‘z ochdi
Jamiyat
−
22 dekabr 2023
41279O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamda davom etayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari va unda qo‘lga olinayotgan jinoiy guruhlar, jinoyat olamining ko‘zga ko‘ringan vakillari, “ko‘cha”lar haqida so‘z ochdi. Bu haqda u bugun, 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida gapirdi.
Shuningdek, davlat rahbari korrupsiyaga qo‘l urgan amaldorlar masalasiga ham to‘xtalgan.
“O‘zini “ko‘cha” deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz”, deydi davlat rahbari.
Uning qayd etishicha, ko‘chalar, mahallalar, hayot tom ma’noda tinch va toza, jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak.
“Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va albatta shunday bo‘ladi”, deydi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda noyabr oyi oxirida boshlangan jinoyatchilikka qarshi kurash tadbirlari davomida birgina Toshkent shahrida 100 dan ortiq odam qo‘lga olindi. Ular orasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev, Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”) va Saidaziz Saidaliyev (“Saidaziz medgorodok”) qo‘lga olindi.
LiveBarchasi