Mirziyoyev birinchi marta Qorabog‘ haqida so‘z ochdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kecha, 22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Shavkat Mirziyoyev samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon yetakchisiga minnatdorlik bildirib, saylovdan keyingi birinchi davlat tashrifini Ozarbayjonga amalga oshirganida ramziy ma’no borligini aytdi.

"Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy ma’noga ega. Bu ikki tomonlama hamorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi", degan O‘zbekiston Prezidenti.

Shuningdek, O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doim qo‘llab-quvvatlab kelgani va bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan. Shu munosabat bilan Mirziyoyev Qorabog‘da tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘lami va sur’atini yuqori baholagan.

Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralarda ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari muhokama qilingani qayd etilgan.

"O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida hech qanday muammoli masalalar yo‘qligini ta’kidlash joiz. Biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida katta salohiyatdan samarali foydalanishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarini izlash dolzarb ekaniga urg‘u berdik", degan Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ozarbayjonning Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlangan.

Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida esa ko‘p qirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan.

Davlat rahbarlari savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor bergan. Avtomobilsozlik, metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, turizm va boshqa tarmoqlardagi yirik loyihalar muhokama qilingan.

Shuningdek, yangi logistika zanjirlarini rivojlantirish va infratuzilmani barpo etish, yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning yana bir drayveri sifatida ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlari maksimal darajada ishga solinishi aytilgan. Hokimlar va ma’muriyatlar rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalari va gumanitar almashinuvni ilgari surish uchun joylarda muntazam uchrashishi ta’kidlangan.

Muzokaralarda madaniyat sohasidagi aloqalarga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Qayd etish joizki, yaqinda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tgandi. Ushbu tadbirlar doirasida Bakuda o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tiliga tarjima qilingan “O‘tkan kunlar” romani taqdimot qilingan. 

Bildirilishicha, madaniyat va kino kunlari, ijod va ilm-fan arboblarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazib boriladigan bo‘lgan. Joriy yilda O‘zbekistonda birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi tashkil etiladi.

Mirziyoyev va Aliyev Birlashgan Milliatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH, YeXHT, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa ko‘p tomonlama institutlar doirasida ham samarali muloqotni davom ettirishga ahdlashib olgan.

"Bugungi muzokaralar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishimiz qat’iy ekanini yana bir bor namoyish etdi. Sa’y-harakatlarimiz aniq natijalarga qaratilgan", degan O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made