Mirziyoyev barcha ijro hokimiyati Yangi Toshkentga ko‘chishini aytdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha davlat ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarni Yangi Toshkentga ko‘chirish rejalarini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari joriy yilning 23 noyabr kuni Toshkent shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘z ochdi.

“Yashil makon deganimiz bu bejiz emas, bu – kelajagimiz. Xudo xohlasa, mana Yangi Toshkentni qurib, butun ijro organining hammasini Yangi Toshkentga ko‘chirishni reja qilyapmiz. Tasavvur qilinglar, katta mashinalar kirmaydigan, tirbandliklar yo‘q bo‘lib, odamlar bundan faqat manfaat qozonadi”, degan Mirziyoyev.

Davlat rahbari Baku shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP29) so‘zlagan nutqini ham eslatib o‘tgan. Prezident agar iqtisodiyot barqarorligi bilan birgalikda ekologiyaga, yashil iqtisodiyotga e’tibor berish kerakligini ta’kidlagan.  

“2025 yilni bejiz “Ona tabiatni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deganim yo‘q. Mana hamma sohada jahon bozoriga chiqmoqchimiz, JSTga kirmoqchimiz, maqsadimiz bitta – bozor topish. Tadbirkorlarga bozorni ochmasak, u tadbirkor shuncha texnologiyani Yevropadan, Osiyodan, Amerikadan, Xitoydan olib kelib yotibdi. Ertaga uning mahsuloti qayerga boradi? Bilasizlarmi, ong o‘zgarish kerak. Raqobatbardosh, korrupsiyadan xoli qilish uchun texnologiyalarni yangilab, bozorga munosib mahsulot chiqarish kerak. Maqsad – daromad topish, manfaatli bo‘lish”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Mirziyoyev, shuningdek, yalpi ichki mahsulotni 200 mlrd dollarga yetkazish rejalari haqida gapirdi.

“Uch kunlik ma’ruzalarimda aytdim-ku, marra 200 milliard dollar qilish. Boshlaganimizda 51 milliard dollar edi, hozir 110 milliard bo‘layapti, Qilsa bo‘lar ekan! Shuning uchun xalqimiz, o‘z kelajagimiz, jonajon vatanimiz uchun qilgan hamma rejalarimiz uchun mana shu strategiyamizga munosib harakat qilsak, ana shunda marra bizniki bo‘ladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekkani haqida xabar berilgandi. Daraxt ekish paytida davlat rahbari jamoatchilik vakillari va chet ellik diplomatlar bilan suhbatlashgan, ushbu tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev vazirlik va idoralar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing