Mirziyoyev BAA delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun, 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va moliya sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida ikkala tomonning faol sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekistonda pandemiya oqibatlarini yengib o‘tishda Amirliklar hukumati tomonidan ko‘rsatilgan yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

O‘z navbatida, vazir Suhayl al-Mazruiy davlat rahbariga BAA Prezidenti Shayx Xalifa al-Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad al-Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad al-Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi, shuningdek, mamlakatimizda BAA investorlarining faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Suhbatda xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, Amirliklar bozori va uchinchi mamlakatlarga yetkazish bo‘yicha agrosanoat tarmog‘ida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Muqobil energiyadan foydalanish sohasida, energetika va boshqa muhim infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirishga, shuningdek, yangi ishbilarmonlik tashabbuslari doirasida investitsiyalar portfelini kengaytirish va moliyaviy-texnik ko‘mak dasturlarini ro‘yobga chiqarishga kelishib olindi.

Bundan tashqari,  ta’lim sohasida samarali hamkorlikni kengaytirish hamda Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi tashkilotlari ishtirokida boshqaruv sohasida milliy kadrlarni tayyorlash muhim ekani ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident BAA Mirziyoev

Baholaganlar

129

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing