Mirziyoyev Aliyevni Qorabog‘dagi g‘alaba bilan tabrikladi
Jamiyat
−
03 noyabr 2023
6315O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonni Qorabog‘ yerlarini qaytarib, mamlakatning hududiy yaxlitligini tiklagani bilan qutladi. Bu haqda u bugun, 3 noyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tayottgan Turkiy davlatlar tashkilotining 10-yubiley sammitidagi nutqida so‘z ochdi.
U Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga yuzlanib, uni qadrli birodarim, Ozarbayjonni esa Turkiy dunyoda katta obro‘-e’tiborga ega mamlakat deb atadi.
“Barchangiz yaxshi bilasiz turkiy dunyoda do‘st Ozarbayjon xalqi o‘zining munosib o‘rni va katta obro‘-e’tiboriga ega. So‘nggi yillarda Ozarbayjon xalqi qadrli birodarim Ilhom Haydarovich yetakchiligida olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Tarixiy adolat qaror topib, mamlakatning ajralmas qismi bo‘lgan Qorabog‘ hududini bunyodkorlik makoniga aylantirish borasida ulkan natijalarga erishilmoqda”, deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari so‘zida davom etarkan, joriy yilning 22-23 avgust kunlari Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifini esladi.
“Men avgust oyida Shusha va Fuzuliy shaharlarida bo‘lib, keng ko‘lamli o‘zgarishlarga, zamonaviy infratuzilma barpo etilayotgani, vayron bo‘lgan madaniy meros ob’ektlari qayta tiklanayotganiga shaxsan guvoh bo‘ldim. Ozarbayjon xalqini buyuk g‘alaba – mamlakat hududiy yaxlitligi to‘liq tiklangani bilan yana bir bor chin yurakdan samimiy tabriklayman”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi.