Mirziyoyev 5 nafar urush qatnashchisini ko‘rishga bordi (foto)
Jamiyat
−
08 may 2023
11037Bugun, 8 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi sanatoriylardan biriga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Anorboy ota Jalilov, Ashir ota O‘sarov, Antonina Kolomenseva, To‘lagan ota Imomov, Abbos ota Appanov bilan suhbatlashgan.
Sizlarni ko‘ray, bayram bilan tabriklay deb keldim. Bu, avvalo, sizlarning bayramingiz. O‘sha paytlardagi jasorat va matonatingiz tufayli keyingi avlodlar tinch, erkin yashadi. Mashaqqatli mehnat va zafarlarga to‘la hayot yo‘lingiz bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi, vatanparvarlik maktabi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Siz bilan butun el-yurtimiz faxrlanadi, deydi davlat rahbari.
Keltirilishicha, urush qatnashchilari hurmat va mehr og‘ushida yashayotgani, sog‘ligi yaxshi, hayotidan rozi ekanini aytgan. O‘zlari istiqomat qilayotgan hududda, farzand va nabiralarining hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida gapirgan.
Mana, yaqinda yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Mamlakatimiz rivojini oshirish, xalqimiz hayotini yaxshilash bo‘yicha katta marralar oldik. Mana shunday o‘zgarishlar paytida sizdek katta tajribaga ega insonlarning yonimizda bo‘lishi, maslahatlaringizni olish bizga cheksiz kuch-g‘ayrat beradi, deydi Mirziyoyev.
Nuroniylar e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilgan.
Tabarruk duolaringizni olish, sizga qo‘shilib xalqimizning tinchligini so‘rash – katta baxt. Hayotda ko‘p-ko‘p sinovlarni ko‘rgan, qariyb bir asrlik hayot tajribasiga ega bo‘lgan sizday muhtaram insonlarning duolari ijobat bo‘ladi. Nuroniylarimiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga bundan buyon ham katta e’tibor qaratamiz. Bu – biz uchun muqaddas burch va vazifadir, deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi