Mirziyoyev elchi va xalqaro tashkilotlar vakillarini mukofotladi
Jamiyat
−
30 avgust 2019
2847O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan xalqaro tashkilotlarning vakillari va xorijiy davlatlar diplomatlarini ordenlar bilan taqdirladi.
Quyidagilar mukofotlandi:
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Vladimir Lvovich Tyurdenev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan;
AQSH Kongressida “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” – do‘stlik guruhini tashkil etish va barqaror ishlashini ta’minlash, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi samarali faoliyati, shuningdek, mamlakatimiz tarixi va madaniyati, so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari to‘g‘risida jahon jamoatchiligini xabardor etib borayotgani uchun AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli “Do‘stlik” ordeni bilan;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer “Do‘stlik” ordeni bilan;
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning mazmun-mohiyati va ko‘lami haqida xalqaro hamjamiyatni keng xabardor etishdagi samarali faoliyati uchun J.Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Starr “Do‘stlik” ordeni bilan;
O‘zbekiston Respublikasining global va mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan tinchlik, barqarorlik va qat’iy o‘sishni ta’minlashga yo‘naltirilgan tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor “Do‘stlik” ordeni bilan.
Avvalroq, Prezident 20 dan ortiq hokimni taqdirlagani haqida xabar bergan edik.