Mirziyoyev 5 mamlakatni Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi tizimga qo‘shilishga taklif qildi
Jamiyat
−
11 noyabr 2022
9864O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avtotransport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Turkiy davlatlar tashkilotining boshqa a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarini ham taaklif qildi. Bu haqda davlat rahbari Samarqandda o‘tayottgan sammitda gapirgan.
Prezident kun tartibidagi yana bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masala – bu transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish ekanini urg‘uladi.
“Biz transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak. Misol uchun: O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10 foiz tashqi savdo yuklarini tashimoqda.
Biz transport va tranzit salohiyatimizni to‘la ishga solish uchun nimalar qilishimiz kerak, Qanday qo‘shimcha choralar ko‘rish kerak, ularni qaysi muddatda va kimlar amalga oshiradi, degan savollarga javob topishimiz lozim”, deydi Mirziyoyev.
U bugungi sammitda qabul qilinayotgan Dastur asosida transport vazirlari tomonidan yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qildi.
“Asosiy e’tiborni mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratmog‘imiz kerak.
Shu o‘rinda, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avto-transport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Tashkilotimiz davlatlarini ham qo‘shilishga chaqiramiz”, deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qilayotgan yig‘ilishda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, kuzatuvchi mamlakat Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban sammitning faxriy mehmoni – Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, tashkilot bosh kotibi Bag‘dod Amreyev ishtirok etmoqda.