Mirziyoyev elektr energetikasi sohasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni elektr energetikasi tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Elektr energetikasi iqtisodiyot rivoji, hayot sifatini ta’minlaydigan asosiy manbalardan biri. Bu tarmoqda qator kamchiliklar mavjudligi belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni innovatsion rivojlantirishga xalaqit qilayotgan edi.

Shu bois, Prezidentning 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. Unga elektr energetikasi hamda neft-gaz sohasidagi muammolarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha katta vakolatlar berildi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga elektr energiyasi tizimi bo‘yicha umumiy qiymati 8,1 milliard dollarlik 33 ta loyiha kiritilgan. Joriy yil qariyb 620 million dollar o‘zlashtirilib, 7 ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan.

Davlat rahbari ushbu investitsiya loyihalarini sifatli amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Xorazm – Sarimoy punktigacha 220 kilovoltli elektr liniyalarini tortish”, “Yuqori kuchlanishli podstansiyalarni modernizatsiya qilish”, “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihalarini amalga oshirish muddatlari kechikkan. Shu bois, Energetika vazirligi va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini to‘liq o‘zlashtirish, loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, mablag‘larni iqtisod qilish vazifasi qo‘yildi.

Elektr energiyasi quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari talab darajasida emasligi qayd etildi. Tarmoqda investitsiya siyosati noto‘g‘ri tashkil etilgani, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga umuman e’tibor qaratilmagani tanqid qilindi. Buning oqibatida korxonalar qarz olish yoki loyihalarni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda.

Prezident sohadagi muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi. Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida muqobil energetikani rivojlantirish, bunday loyihalarga chet el investitsiyalari jalb etish imkoniyati katta ekani ta’kidlandi.

Hozirda O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha Turkiyaning “Yildirim grup”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Mazdar” jamg‘armasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan ish olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik 13 ta istiqbolli loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlarni aniqlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha manzilli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish uchun xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasi sotib olish tartibi va tariflarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha mamlakatimizning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, Surxon – Puli – Xumri tarmog‘ini qurishni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 fevraldagi qarorida “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash belgilangan edi. Davlatimiz rahbari bu qarorda ishlab chiqaruvchi – yetkazib beruvchi – taqsimlovchi vazifalardan kelib chiqib, korxonalar funksiyasini aniq ajratish, sohaga bozor munosabatlari, jumladan, davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev elektr energetikasi

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing