Minsk va Bishkek effekti: Dushanbeda saylovdan keyin xavfsizlik chorasi kuchaytirildi

Jamiyat

image

Tojikiston poytaxti Dushanbeda prezidentlik saylovlari natijasi e’lon qilinishi barobarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Poytaxtning markaziy ko‘chalarida patrul xizmati kuchaytirilgan, respublika Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazi joylashgan binoga yaqin joyda joylashgan kafe va restoranlar vaqtincha yopilgan.

Dushanbe ko‘chalarida hukumat binolari va odamlar gavjum joylar yonida turgan xavfsizlik kuchlarining maxsus texnikalarini ko‘rish mumkin.

MSK matbuot markazi binosiga kirishda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Jurnalistlarga ham ma’lumotlarni avvaldan tayyorlangan ro‘yxat bo‘yicha berishgan. Bunda OAV xodimlarining sumkasidagi buyumlar, ularning texnikalari yoqib tekshirilgan.

Qayd etish kerakki, na avvalgi prezidentlik saylovlarida, na bahorda o‘tkazilgan parlament saylovlarida bunday choralar ko‘rilmagan.

Saylovda Tojikistonning amaldagi Prezidenti Imomali Rahmon 90,92 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. 

Ma’lumot o‘rnida, Dushanbeda ehtiyot choralari kuchaytirilishiga Belarus va Qirg‘izistonda saylovdan keyin yuz bergan namoyishlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Belarusda 9 avgust kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovidan keyin boshlangan tinch namoyishlar hamon davom etyapti.

Qirg‘izistonda ham 4 oktyabr kuni kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin namoyish va tartibsizliklar boshlandi. Bir-biriga muxolif siyosiy kuchlarning tarafdorlari davlat idoralarini, hatto parlament va Prezident administratsiyasi joylashgan Oq uy va Hukumat uyini egallab oldi. Bishkekda vaziyat o‘tgan hafta oxirida tinchiy boshladi. Poytaxtda favqulodda holat e’lon qilinishi ham bunga ijobiy ta’sir o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Dushanbe

Baholaganlar

199

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing