Minnixonov Atamboyevning rafiqasiga avtomobil sovg‘a qildi
Olam
−
31 dekabr 2019
12654Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti ayni vaqtda hibsda saqlanayotgan Almazbek Atamboyevning rafiqasi Raisa Atamboyevaga avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda Atamboyev asos solgan Sotsial-demokratik partiyaning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Atamboyevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandan keyin u asos solgan partiyada bo‘linish yuz berdi. Bir qismi sobiq prezidentga sodiq qoldi va uni faol ravishda qo‘llab-quvvatlamoqda. Ikkinchi qism amaldagi hokimiyat idoralarining pozitsiyasini qo‘llamoqda.
Bundan biroz avval Raisa Atamboyevaning ishga jamoat transportida qatnayotgani tasvirlangan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Bu suratlar Minnixonovgacha yetib borgan.
"Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov jamoat transportida ketayotgan Raisa Atamboyevaning fotosuratini ko‘rib, unga haydovchining maoshi va avtomobilni boshqarish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni, shu jumladan yoqilg‘i xarajatlarini inobatga olgan holda avtomobilni sovg‘a qildi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Partiya kotibiyatiga ko‘ra, Raisa Atamboyeva Minnixanovga odamgarchiligi, hamdardligi va qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildirgan. Atamboyevaning ta’kidlashicha, uning jamoat transportidan foydalanish tabiiy hol edi.
Atamboyev hokimiyatni 2017 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi natijalariga ko‘ra, o‘z vorisi va eng yaqin ittifoqchisi Sooronbay Jeenbekovga topshirdi. Ammo ko‘p o‘tmay, sobiq Prezident jamoasi a’zolariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Atamboyev sobiq Prezident maqomidan mahrum qilindi va og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblandi.
7-8 avgust kunlari Qirg‘iziston maxsus xizmatlari sobiq Prezident Atamboyevni poytaxtdan 20 kilometr narida joylashgan Qoy-Tosh qishlog‘idagi o‘z qarorgohida ushlash uchun operatsiya o‘tkazdi. Maxsus operatsiya natijasida 136 kishi tan jarohati oldi, bir kishi halok bo‘ldi. Maxsus davlat komissiyasi sodir bo‘lgan voqealar uchun barcha javobgarlikni Atamboyevga yukladi.
Ayni vaqtda Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan barcha hisob raqamlar muzlatilgan.