Ming kishilik oshlarimiz bor ekan, OTMlarga imtihonsiz qabul tizimi bo‘lmaydi – Toshqulov

Jamiyat

image

Toshkent Besh tashabbus harakati ikkinchi kunida ham hukumat vakillari bilan ucharshuvlar o‘tkazilishi davom etmoqda. Bugun, 22 may kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davomida ishtirokchilardan biri OTMlarga imtihonsiz qabul tizimini joriy qilish taklifini ilgari surib, xorijdagi aksariyat oliygohlarda talabalar o‘quv jarayonida saralab olinishini misol qilib keltirdi.

Vazir bunga javoban xorijda o‘qishga kirish osonligini, bitirish esa qiyinligini aytdi va O‘zbekistonda buning aksi ekanini ta’kidladi.

“Ma’lumki, xorijdagi OTMlarda  qabul oson, bitirish qiyin. Bizda esa ko‘pchilikka buning aksi – o‘qishga kirish qiyin, bitirish osondek tuyuladi. Xorijdagidek tartib amal qilishini men ham xohlayman. Lekin bitta masala: bizda bu o‘zbekchilik-da, 300 dan 1000 kishigacha oshlarimiz bor ekan, talabani o‘qishdan chetlatib bo‘lmaydi, menimcha. Gapimning ma’nosini tushundingiz deb o‘ylayman. Lekin bu sizning taklifingiz bo‘lmaydi degani emas. Biz shunga qarab intilyapmiz.

Qaysi OTMda shaffof muhit bo‘lsa, guruhda yaxshi o‘qigan talaba keyingi kursga o‘tib, o‘qimagani kursdan qolsa, ana o‘sha yerda buni joriy qilsa bo‘ladi.

Lekin, hozircha bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Sababi boya aytganimdek “bizda oshlarimiz bor” degan jumla zamirida juda katta ma’no bor”, dedi vazir.

Avvalroq, vazir Toshqulov OTMlarni bitiruvchi talabalar huddi o‘qishga kirayotganda bo‘lganidek, DTM imtihonini topshirishi kerakligini taklif qilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Abduqodir Toshqulov

Baholaganlar

423

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing