Milorad Dodikning prezidentlik mandati bekor qilindi

Olam

image

Bosniya va Gersegovina Markaziy saylov komissiyasi Serb Respublikasi prezidenti Milorad Dodikning mandati bekor qildi. Bu haqda “Dnevni Avaz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, komissiya bu qarorni sud hukmi va saylovlar to‘g‘risidagi qonun asosida qabul qilgan. Qaror komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. Endi apellyatsiya berish uchun oxirgi muddat belgilanadi. Qaror kuchga kirganidan keyin 90 kun ichida muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi lozim.

Ma’lum uchun, joriy yilning fevral oyi oxirida sud Dodikni Bosniya va Gersegovina bo‘yicha Oliy vakilning qarorini bajarmaganlikda aybdor deb topib, uni bir yilga ozodlikdan mahrum etgan va olti yil davomida davlat lavozimlarini egallashni taqiqlagan. Oliy vakil – Bosniya urushini tugatgan Dayton kelishuvlarining ijrosini nazorat qiluvchi xalqaro vakil hisoblanadi.

Mazkur ish bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi – Serb Respublikasining “Rasmiy axborotnoma” nashri rahbari Milosh Lukich aybsiz deb topilib, javobgarlikdan ozod etilgan.

Prokuratura xulosasiga ko‘ra, Dodik va Lukich xalqaro vakilning taqiqiga qaramay, faoliyatini davom ettirgan. Sud hukmi e’lon qilinganidan ikki kun o‘tib, prokuratura nafaqat Dodikni, balki Serb Respublikasi hukumati rahbari Radovan Viskovich va Milliy majlis raisi Nenad Stevandichni ham hibsga olishni talab qilgan.

Dodik esa unga qo‘yilgan ayblovlarni noqonuniy deb atab, Serb Respublikasi hududini tark etmasligini bildirgan. Uni bir necha bor hibsga olishga urinishlar bo‘lgan.

Sudning yuqori instansiyasi Dodikga chiqarilgan hukmni tasdiqladi. Shunga qaramay, Dodik iste’foga chiqmasligini va yangi saylov o‘tkazilishiga qarshi chora ko‘rishini va’da qildi.

Dodik 2010 yildan beri Serb Respublikasi prezidenti lavozimini uch marta egallagan, 2018-2022 yillar oralig‘ida esa Bosniya va Gersegovina Prezidiumining a’zosi bo‘lgan. Bosniya va Gersegovina Prezidiumi – boshqaruvning kollegial organi bo‘lib, u bosniyalik, xorvat va serb vakillaridan iborat uch kishidan tashkil topgan.

Ma’lumot o‘rnida, Serb Respublikasi – Bosniya va Gertsegovina tarkibidagi ma’muriy-hududiy birlik. 1992 yilda mustaqil davlat sifatida e’lon qilingan, ammo 1995-yilgi Dayton tinchlik kelishuvlari natijasida Bosniya va Gertsegovina tarkibiy qismi sifatida tan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosniya va Gertsegovina Milorad Dodik Serb Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing