Milliy sport turlarini birlashtiruvchi O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi tashkil etildi

Sport

image

Bugun, 8 oktyabr kuni “O‘zbekistonda etnosportning rivojlanish istiqbollari” mavzusida o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Milliy etnosport uyushmasini tuzish va tashkil etish to‘g‘risida rasmiy kelishuv imzolandi hamda unga rahbar tayinlandi. 

Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an, O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi Oybek Norinboyev ishtirok etdi. 

“Bugungi tadbirimizda mamlakatimiz madaniyati va tarixining ajralmas qismi bo‘lgan xalq o‘yinlarini qayta tiklash, rivojlantirish va ommalashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tamiz. Xalq o‘yinlari qadimdan davlatchilik shakllanishi, jamoani birlashtirish va himoya qilishda ham yuksak ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda, ular shaxsni jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bir xalqning tarixi ming yillar davomida shakllangani uning moddiy va madaniy boyliklarida, etnografiyasida aks etadi. Xalq o‘yinlarimizning soni va rang-barangligiga qarab, o‘zbek xalqi O‘rxun-Enasoy bitiklaridan ham keksaroq, degan xulosaga kelish mumkin. Etnograf olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, milliy o‘yinlar soni 3-5 mingtani tashkil etadi. Har bir qishloq, tuman va shaharlarda o‘ynaladigan xalq o‘yinlari bir-biridan farq qiladi. Yurtimizda uloq, ko‘pkari, ot ustida kurash, belbog‘li kurash, tosh ko‘tarish, xo‘roz urishtirish, besh tosh, qirq tosh, oshiq, dorboz, chillaki kabi o‘yinlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Xalqimiz or-nomusi, g‘ururi bo‘lgan milliy kurashimiz qisqa vaqt ichida katta ahamiyat kasb etgani quvonarli holat”, deydi Abduhakimov.

Shuningdek, Turizm va sport vaziri o‘z nutqida xalq o‘yinlarini tiklash va ommalashtirish uchun bir qator takliflarni ilgari surdi:

“Xalq o‘yinlarining unutilishi va yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish hamda kelajak avlodgga yetkazish uchun yagona O‘zbek xalq o‘yinlari ensiklopediyasini yaratish va boshqa tillarga tarjima qilish, Navro‘z umumxalq bayrami va an’anaviy Boysun bahori festivali doirasida xalq o‘yinlari uchun alohida dastur joriy qilish va shu orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish, 2022 yilda Jizzax viloyatida “Zomin etnosport chelenj” xalqaro tadbirlarini tashkil etish, bundan tashqari Buxoroda etnosport o‘yinlari musobaqasini uyushtirishni o‘z oldimizga reja qilib qo‘ydik. Ota-bobolarimizdan meros xalq o‘yinlarini ommalashtirish uchun boshlagan ishimiz xayrli bo‘lsin. Barchaga omad va zafarlar tilab qolaman”. 

O‘z navbatida, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an O‘zbekistonga taklif etilgani uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda sportga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.  

“Hurmatli vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri hamda hurmatli mexmonlar, avvalo taklif uchun katta rahmat. So‘nggi 3 yilda O‘zbekistonga tahminan 5 marta tashrif buyurdim. Haqiqatan ham juda oz muddatda yurtingizda xalq o‘yinlariga aloqador yutuqlarga guvoh bo‘layotganimdan juda mamnunman. O‘zbekiston va Turkiya urf-odatlari yaqin bo‘lgan mamlakatlardir. Har bir tashrifimizda ziyorat maskanlari va bu yerning tarixiy obidalarini ko‘rishdan baxtlimiz. Bu safar yaqinlarim va oila a’zolarimni ham olib keldim. Ixtiyoriy ravishda O‘zbekistonning Turkiyadagi turizm vositachisiga aylandim (kuladi). Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqinlikning yuzaga chiqishi, mamlakat prezidentlarining do‘stligi sabablidir. Sizlarga Rajab Toyib Erdo‘g‘anning salomini yetkazib qo‘ymoqchiman. Bugun O‘zbekistonda etnosport assotsiatsiyasining ochilishi va ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun yig‘ilib turibmiz. Kelajakda o‘zbek xalq o‘yinlari va milliy sport turlarining rivoji uchun harakat qilamiz”, deydi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an.

Marosimda Yaponiya mamlakatida karate, sumo, dzyudo, Xitoyda ushu va kung-fu, Koreyada taekvondo, Angliyada futbol va boks, Kanadada xokkey rivoj topib, ommalashgani singari O‘zbekistonda ham kurash, belbog‘li kurash, turon, uloq-ko‘pkari sport turlarini rivojlantirish haqida so‘z bordi.

Tadbir yakunida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an va Aziz Abduhakimov, shuningdek, yangi tashkil etilgan O‘zbekiston milliy etnosport assotsiatsiyasining raisi Oybek Norinboyev ishtirokida “Xalq o‘yinlarini rivojlantirish” va “Federatsiyalar o‘rtasida hamkorlik” memorandumi imzolandi.

Bunga qadar, 2020 yilning 24 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5924-sonli farmoniga muvofiq, bir nechta ixtisoslashtirilgan muassasalar vakillari, shu jumladan Jangchi-polvonlar milliy markazi, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi, O‘zbekiston kamar va uchkurash uyushmasi, Kamondan otish milliy federatsiyasi va Belbog‘li kurash sport federatsiyasi o‘rtasida Milliy etnosport assotsiatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov Bilol Erdo'g'an O'zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi Butunjahon etnosport konfederatsiyasi Oybek Norinboev

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing