Milliy san’atni yelkasida ko‘tarib yurganlarga so‘nggi darajadagi e’tibor bo‘lgan – Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat-san’at
−
01 mart 2021
9324Bugun, 1 mart kuni O‘zbekiston milliy maqom san’ati merosini ommalashtirishga qaratilgan “New Vision” yangi formatdagi musiqiy albom taqdimoti o‘tkazildi. Musiqiy albom “BWG Production” kompaniyasi Madaniyat vazirligi hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti bilan hamkorlikdatayyorlangan.
Mazkur “New Vision” musiqiy albomi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli ijodkorlari, jumladan, badiiy rahbar O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov boshchiligida tayyorlangan maqom va o‘zbek an’anaviy musiqa xazinalari to‘plamining jamlanmasi hisoblanadi.
Musiqiy albom taqidimotida O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va san’at vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Ozodbek Nazarbekov nutq so‘zladi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan milliy san’at maqom va baxshichilik san’atini dunyoga tanitish masalasida juda katta imkoniyatlar berilib, katta tadbirlar va ishlar amalga oshirilyapti.
Maqom san’atini qayta tiriltiryapmiz, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘pchilik guvohi bo‘lgan milliy san’atni yelkasida ko‘tarib yurgan odamlar, ba’zi davralarda uyalib, qimtinib bir chekkalarda yoki so‘nggi darajadagi e’tibor bo‘lgan holatlarni ham boshimizdan o‘tkazdik. Men ishonib ayta olaman, so‘nggi 3-4 yil ichida qaysi davrada bo‘lishidan qat’iy nazar maqomchiman deb faxrlanib gapirishga jazm qilolyapmiz”, deydi vazir bo‘layotgan ishlar haqida gapirib.
U maqom san’atini tom ma’noda tutib turgan san’at ahlini alohida e’tirof etib, ularga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, endilikda maqom san’atiga bag‘ishlangan tadbirlar alohida tayyorgarlik bilan o‘tayotganini qayd etdi.
“Shu yukni yelkasida ko‘tarayotganlar bugun faxrlanyapti. 5-7 yil oldin nomiga shu ham tadbirda, bo‘lishi kerak, degan munosabatda yurgan bo‘lsa, bugun eng oldida milliy ohanglarimizni ijro etyapti. Kundan-kunga maqom san’ati hayotimizga qorishib boryapti. O‘tgan davrlarda buni yuki og‘ir bo‘lib e’tibor bo‘lmagan vaqtlarda san’atni yuragida saqlab bugungacha olib kelgan ustozlarga shaxsan minnaddorlik bildiraman. Og‘ir davrlarda ham kaftda cho‘g‘ tutgandek san’atni maxkam ushlab shu yergacha yetkazib olib keldi ular, ming rahmat.
Zo‘r ijodkor bo‘lish mumkin lekin xalq tanimaydi. Kechirasiz lekin ularni kamchiligi o‘zini qanday taqdim etishni bilmasligida. Yuqori darajadagi san’ati bo‘la turib qaysi davrada qo‘shiq aytishni bilmaydi yoki qaysi davrda qanday ko‘rinishda bo‘lishi, qaysi davraga qanday repertuar yoki kiyimda kirish kerakligini ham bilishmaydi”, deydi Ozodbek Nazarbekov.
U so‘zida davom etib, bu kabi ishlar bilan alohida “BWG Production”dek kompaniyalar shug‘ullashini qo‘shimcha qildi.
“Bizda shu sababli ham zo‘r iste’dod ijod bo‘la turib uni xalqqa taqdim etish shaklini topolmaganimiz uchun mehnatlarimiz samarasiz bo‘ldi. Bugun “BWG Production” kompaniyasi kabi hamkorlarimiz borligidan xursandman.
Milliy san’atimizni va maqomni bugungi zamon talabi va darajasida xalqqa va butun dunyoga taqdim qilish borasida yaqindan ko‘makchi bo‘lishmoqda. Har qanday iste’dod bo‘lishi mumkin uni “podachasi” ya’ni taqdim etilishi turlicha bo‘lishi mumkin.
Har bir ishni o‘z ustalari qilgani ma’qul milliy maqom sanʼatini ham yuksaltirish tanitish yo‘lida “BWG Production” kompaniyasi vakillari bilan birga ish boshladik.
Hozir internetdan qidiradigan bo‘lsak birorta milliy qo‘shiq yoki maqomlarni karaoke shakli yo‘q. Istasak ham topolmaymiz. O‘ylaymanki biz boshlagan ish ham, taqdim etishning o‘zgacha uslubi bo‘ladi”, deya so‘zini tamomladi vazir Nazarbekov.
Ma’lumot uchun, albomda 15 ta trek o‘rin olgan. Treklar Yevropa standartlariga muvofiq yozilgan bo‘lib ovozning alohida tozaligini ta’minlashga qaratilgan.
Musiqiy albomda bir qator xalqimiz uchun sevimli bo‘lgan maqom xonandalari jumladan, Munojat Yo‘lchiyeva, Nodira Pirmatova, Xasan Rajabiy, Furqat Ashuraliyev, Elmurod Ahmedov, Sardorbek G‘ofurov, Mo‘minjon Sadriddinov, Kamoliddin Alimaxsumov va boshqalar tomonidan ijro etilgan klassik asarlar o‘rin olgan. Loyiha ovoz prodyuseri Kamran To‘ychiyev, ijrochi prodyuseri Ruslan Saliyev.