Milliy Majlis Fransiyani Minsk guruhi hamraisligidan chiqarib yuborishni taklif qilyapti
Olam
−
26 noyabr 2020
4607Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi mamlakat Hukumatiga Fransiyani Minsk guruhi hamraisligidan chiqarib yuborish yuborish bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga murojaat qilishni taklif etdi. Bu haqda Milliy Majlisning bugun, 26 noyabr kuni Fransiya Senatining Hukumatni Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishga chaqirgan rezolyutsiyasiga javoban qabul qilingan bayonotda so‘z boradi.
“Milliy Majlis Ozarbayjon hukumatini YeXHT rahbariyatiga so‘nggi kunlarda o‘z pozitsiyasi va bayonotlari bilan betarafligini shubha ostiga qo‘ygan Fransiyani Minsk guruhi hamraislaridan chaqirib olish to‘g‘risida murojaat qilishga chaqiradi”, deyiladi hujjatda. Hujjatga parlament a’zolarining ko‘pchiligi ovoz bergan.
Bayonotda, shuningdek, “Ozarbayjon va Fransiya o‘rtasidagi mavjud siyosiy munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”, shuningdek “ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqur tahlil qilish va tegishli choralarni ko‘rish to‘g‘risida” takliflar mavjud.
26 noyabr kuni o‘tgan parlament majlisidagi muhokamalar davomida Fransiya Senati tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada bir qator deputatlar Ozarbayjonning Parijdagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib olish, Fransiya parlamentining yuqori palatasi bilan barcha aloqalarni uzish to‘g‘risida takliflar ham bildirishgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 noyabr kuni Fransiya Senati mamlakat hukumatini Tog‘li Qorabog‘ni tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi. Senatnning 306 a’zosidan 305 fransuz senatori hujjatning qabul qilinishiga ovoz bergan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu rezolyutsiya tavsiyaviy xarakterga ega va hukumat uchun majburiy emas.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishini provokatsiya sifatida baholagan va uning qonuniy kuchga ega emasligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Minsk guruhi – Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlashga rahbarlik qilayotgan YeXHTga a’zo davlatlar guruhi. Minsk guruhiga Rossiya, AQSH va Fransiya hamraislik qilmoqda. Ulardan tashqari Minsk guruhiga Belarus, Germaniya, Italiya, Turkiya, Finlyandiya, Shvetsiya hamda Ozarbayjon va Armaniston kiradi.
1992 yil 30 yanvarda SSSR qulashi bilan mustaqillikni qo‘lga kiritgan Armaniston va Ozarbayjon Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha konferensiyaning (1995 yil 1 yanvardan boshlab – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti yoki YeXHT) ishiga qo‘shilishdi va ushbu xalqaro tashkilotga Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni hal qilishning tinch yo‘llarini izlash bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi.