Milliy xavfsizlikda so‘roq qilingan Akayev yana Qirg‘izistondan ketdi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasining birinchi Prezidenti Asqar Akayev kecha, 19 dekabr kuni Moskvaga uchib ketdi. Bu haqda jamoat arbobi, sobiq Bosh vazir o‘rinbosari Bekbolot Talgarbekov ma’lum qildi.  

“Akayev bir kun oldin uchib ketdi. Undan oldin u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘rsatma berdi. Uning harakatlarida mansab vakolatini suiiste’mol qilish yoki korrupsiya holatlari yo‘qligi aniqlangan”, degan Talgarbekov. 

Uning qayd etishicha, Akayev ishtirokidagi barcha tergov harakatlari yakunlangan. 

“Akayevga ayblov qo‘yilmaganini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman. U “Qumtor” ishi bo‘yicha guvoh sifatida qatnashdi. Ba’zilar unga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatilganmi, deb so‘raydi, jinoyat ishi bo‘lmagan bo‘lsa, uni qanday tugatish mumkin. U faqat guvoh”, degan u. 

Akayevning Qirg‘izistonga tashrifi 14 dekabr kuni ma’lum bo‘ldi. U o‘g‘li Ilim bilan Moskvadan samolyotda kelgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, sobiq Prezident Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda mamlakatga 2-3 kunga uchib kelgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Akayev avgust oyida Qirg‘izistonga kelgan edi. Sobiq Prezident Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi so‘roqdan so‘ng tergov bilan kelishuvga erishdi va aybiga iqror bo‘ldi. Tashrifidan bir necha kun o‘tar-o‘tmas Kemin tumanidagi kichik uyiga, Talasdagi qaynonasinikiga borishga muvaffaq bo‘ldi.  

Tergovdan so‘ng u Prezident Sadir Japarov bilan uchrashgandi. Uchrashuvdan so‘ng, Asqar Akayev matbuot anjumanida Qirg‘iziston Prezidentiga “hamma narsani aytib berish” imkoniyati uchun minnatdorlik bildirgan. 8 avgust kuni esa Akayev mamlakatni tark etgan. 

Qirg‘izistonda “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ulardan biri – ekologiya masalalari bo‘yicha kon kompaniyasi rahbarlariga qarshi, qolgan uchtasi – korrupsiya faktlari bo‘yicha mansabdor shaxslarga nisbatan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Akaev Qumtor

Baholaganlar

164

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing