Milliy gvardiyachilarni otib ketgan shaxs AQSHning hamtovog‘i bo‘lgan

Olam

image

Vashington shahrida joylashgan Oq uy yaqinida otishmada qo‘lga olingan gumonlanuvchi avval Afg‘onistonda AQSH hukumati bilan hamkorlik qilgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 29 yoshli afg‘onistonlik Rahmonulloh Lakanval o‘z vatanida AQSH hukumati, jumladan, Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) bilan hamkorlik qilgan. 

“Baydenning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqqanidan so‘ng, 2021 yil sentyabrida ushbu shaxsning AQSHga kirishiga uning ilgari AQSH hukumati, jumladan, CIA bilan hamkorlik qilgani uchun yo‘l qo‘yilgan. Ushbu hamkorlik evakuatsiyadan so‘ng to‘xtatilgan edi”, deyiladi xabarda. 

“Reuters” xabariga ko‘ra, Lakanval AQSHga maxsus dastur orqali kelgan bo‘lib, u Afg‘onistonda amerikaliklarga yordam bergan va “Tolibon” tomonidan ta’qib qilinishdan xavotirlangan minglab afg‘on fuqarolarini qamrab olgan. Ushbu dastur doirasida AQSHga 70 mingdan ortiq odam kelgan.

Kolumbiya okrugi prokurori Janin Pirro xabariga ko‘ra, AQSHga kelganidan so‘ng Lakanval xotini va besh farzandi bilan Vashington shtatidagi Bellingem shahrida yashagan. Oq uy yaqinida otishmani amalga oshirishdan oldin u mashina bilan mamlakatni g‘arbdan sharqqa kesib o‘tgan.

Lakanval qurol bilan o‘ldirishda ayblanmoqda. 

AQSH Bosh prokurori Pem Bondi “Fox News”ga bergan intervyusida Lakanvalga qarshi terrorizm ayblovlari qo‘yilishi va unga kamida umrbod qamoq jazosi talab qilinishi rejalashtirilganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, otishma 26 noyabrda sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi Lakanval ikki Milliy gvardiya askarini yaralagan va javob o‘qidan jarohat olgan. Milliy gvardiya xodimlaridan biri shifoxonada vafot etgan va yana biri hozir og‘ir ahvolda qolmoqda.

Vashingtondagi otishmadan so‘ng AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati afg‘on fuqarolari bilan bog‘liq barcha murojaatlarni noma’lum muddatga to‘xtatgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh otishma Oq uy Milliy gvardiyachilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing