Milliy gvardiya xodimlariga yangi vakolatlar berildi
Jamiyat
−
07 fevral
12239Milliy gvardiya xodimlariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlar berildi. Bu kecha, 6 fevral kuni qabul qilingan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunda belgilangan.
Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Milliy gvardiyaning Bolalar bilan ishlash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari harbiy xizmatchilari va xodimlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 25 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangandi.
Qonun Milliy gvardiya va IIV vakolatlariga doir Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 hamda 248-1-moddalariga o‘zgartirish kiritilishini nazarda tutadi. Xususan, Milliy gvardiya organlari, shu jumladan uning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 4 moddasi bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rish vakolati berilishi nazarda tutilgan:
- Bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish borasida majburiyatlarini bajarmaslik (47-modda);
- Jamoat joylarida sigaret chekish (56-1-modda)
- Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish (187-modda 1-qismi);
- Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (188-modda) nazarda tutilgan ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash vakolati.
Shuningdek, bu vakolatlar IIVning voyaga yetmaganlar bo‘yicha inspektor-psixologlarning vakolatlaridan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan. Senatorlarga ko‘ra, qonun O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq keladi hamda byudjetdan qo‘shimcha xarajatlar talab qilmaydi.
LiveBarchasi