“Milliy fojia”: O‘g‘rilar Luvrdan nimalarni olib qochdi? (fotoreportaj)
Olam
−
20 Oktabr 2025 11810 4 daqiqa
Kecha, 19 oktyabr kuni Parijdagi Luvr muzeyidan o‘g‘irlab ketilgan bebaho artefaktlar orasida Napoleon tomonidan ikkinchi rafiqasiga hadya qilingan 1 000 dan ortiq brilliant va toshlardan yasalgan zumrad marjon, shuningdek, “beqiyos” qiymatga ega boshqa xazinalar ham bor.
O‘g‘rilik Luvrning yuqori qavatida joylashgan Apollon galereyasida amalga oshirilgan — aynan shu yerda Fransiyaning toj zeblari saqlanadi. Fransiya Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hammasini jami yetti daqiqada amalga oshirgan o‘g‘rilar ikkita yuqori xavfsizlikdagi vitrina shishalarini buzib, to‘qqizta buyumni olib qochgan. Politsiyaning aytishicha, ular mototsikllarda hududdan qochib ketgan.

O‘g‘irlanganlar orasida XIX asrda yashagan imperator Napoleon IIIning rafiqasi Yujenina tomonidan taqilgan toj ham bor edi. Madaniyat vazirligiga ko‘ra, aynan shu toj hodisa joyiga yaqin yerdan topilgan.
San’at asarlarini tiklash bo‘yicha ekspert Artur Brand bu hodisani Fransiya uchun “milliy fojia” deb atadi.
“Bu – Napoleon, uning xotini va vorislarining toj zeblari. Ular Fransiyaning milliy iftixori sanaladi. Bu buyuk yo‘qotish”, deydi Brand.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu buyumlar juda tanilgani sababli o‘g‘rilar ehtimol ularni parchalap, oltin va kumushni eritib sotishga urinishlari mumkin.
Bir necha malika taqqan sapfir diadema, marjon va sirg‘a

O‘g‘irlangan buyumlar orasida Gollandiya malikasi Gortenz de Bog‘arne, Fransiya malikasi Mari-Ameli va Giz gersoginyasi orleanlik Izabella taqqan olmos va sapfirlarning to‘liq zeb-ziynat to‘plami ham bor.
Diadema – hukmdorlar taqadigan zebli toj – o‘z tarkibida 24 ta Seylon sapfiri va 1 083 ta olmosni o‘z ichiga oladi. Luvr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu toshlar ajratib olinib, brosh sifatida ham taqilishi mumkin.
Ziynatlar to‘plamining aniq kelib chiqishi noma’lum, ammo ayrimlar uning bir vaqtlar qirolicha Mariya Antuanettaga tegishli bo‘lganini taxmin qiladi. Garchi bu zeblarda o‘sha davrning mashhur fransuz zargarlarining belgisi bo‘lmasa-da, Luvrga ko‘ra, ular XIX asr boshlaridagi Parij ustalarining mahorat darajasini yaqqol namoyon qiladi.
Bu to‘plam Orleanlar xonadonida 1985 yilgacha saqlangan, shu yili Luvr muzeyi tomonidan sotib olingan.
Napoleon tomonidan Mariya-Luizaga hadya qilingan zamrud marjon va sirg‘alar

1810 yil mart oyida Napoleon o‘zining ikkinchi xotini avstriyalik Mariya-Luizaga to‘y sovg‘asi sifatida shu hayratlanarli zeb-ziynat to‘plamini taqdim etgan. Zargar Fransua-Reno Nito tomonidan ishlangan bu to‘plam tarkibida 32 ta murakkab usulda kesilgan zamrud toshi va 1 138 ta olmos mavjud edi.
Napoleon imperiyasi parchalanganidan so‘ng, Mariya-Luiza ushbu to‘plamni, jumladan, tiarani ham o‘z qarindoshlaridan biriga vasiyat qilib qoldirgan va u nasabdan-nasabga o‘tib kelgan.
1953 yilda bu to‘plam Van Cleef & Arpels zargarlik uyiga sotilgan. Keyinchalik tiaradagi zamrudlar alohida sotib yuborilgan va keyinroq bir amerikalik kolleksioner tomonidan ular feruza toshlar bilan almashtirilgan. O‘zgargan tiara hozirda Smitsonian instituti kolleksiyasiga kiradi.
Biroq marjon va sirg‘alar asl holatida saqlangan va 2004 yili Luvr muzeyi tomonidan taxminan 3,7 million yevro evaziga sotib olingan.
Relikvariy broshi

Napoleon III ning rafiqasi Ejeni (Yevgeniya), Luvr saytiga ko‘ra, ushbu brilliantlar bilan bezatilgan broshning ilk sohibasi bo‘lgan. Bu brosh 1855 yili maxsus ravishda Pol-Alfred Bapst tomonidan uning uchun yasalgan.
Ispaniyalik grafinya bo‘lgan Ejeni 1853–1870 yillarda Fransiya imperatorining rafiqasi bo‘lgan va o‘z zamonasining eng moda peshvolaridan biri sifatida tanilgan.
Relikvariy brosh — muqaddas relikviyani saqlaydigan brosh bo‘lib, u Ejenining katolik e’tiqodi ramzi hisoblanadi. 94 ta brilliantdan iborat bo‘lgan bu brosh tarkibida XVII–XVIII asrlarga tegishli ikki Mazarin brillianti ham bor. Luvr ma’lumotlariga ko‘ra, bu toshlarni 1661 yili kardinal Mazarin Fransiya qiroli Lyudovik XIV ga taqdim etgan.
Katta brilliantlar brosh markazida bir-biriga qarshi joylashgan. Oltin broshning orqa tomoni o‘simlik va barg naqshlari bilan ajoyib o‘yib bezatilgan. U 1887 yili Luvr tomonidan sotib olingan.
Ejenining brilliant banti broshi va diademasi

Luvr ma’lumotlariga ko‘ra, kumush, oltin va brilliantdan yasalgan bu banti shaklidagi brosh avval 4 000 ta toshdan iborat brilliant kamarining tugmasi bo‘lgan. U 1855 yildagi Umumjahon ko‘rgazmasida namoyish etilgan, so‘ngra Ejeni tomonidan taqilgan.
Ejeni ushbu kamarni 1855 yil avgust oyida Versalda Britaniya qirolichasi Viktoriya tashrifi paytida, shuningdek, 1856 yil iyun oyida shahzodasining ta’mid marosimida taqqanligi aytiladi. Keyinchalik Ejeni kamarni broshga aylantirishga qaror qiladi va shaxsiy zargarlaridan biriga unga yanada murakkab shakl berishni buyuradi, unga osilib tushadigan brilliant “qoshiqchalar” (tasellar) qo‘shadi.
1887 yilda bu brosh Kristis auksionida zargar Emil Shlezinger tomonidan 42 200 fransuz frankiga sotib olingan.
Brosh Astorlar oilasida bir asrdan ortiq saqlanganidan so‘ng, 2008 yilda Luvr uni sotib olib, Fransiyaga qaytardi. Fondation Napoléon ma’lumotlariga ko‘ra, muzey ushbu brosh uchun 6,72 million yevro (o‘sha vaqtda 10 million dollardan ortiq) to‘lagan.

Marvaridli diadema esa 1853 yilda yuvelir Aleksandr-Gabriel Lemonne tomonidan Ejeni uchun yaratilgan bo‘lib, u 212 ta marvarid va 1 998 ta brilliantdan iborat.
O‘g‘irlangan, ammo topilgan: Ejeni toji

Fransiya Madaniyat vazirligiga ko‘ra, o‘g‘rilar Ejenining tojini ham o‘g‘irlashga uringan, ammo u Luvr tashqarisida topilgan.
1 354 ta brilliant va 56 ta zumrad bilan bezatilgan ushbu yuksak naqshli oltin toj talonchilik paytida shikastlangan, deb xabar berdi TF1 telekanali va “Le Parisien” gazetasi.
Live
Barchasi