Millioner bo‘lish uchun o‘zbeklar necha yil ishlashi kerak?
Tahlil
−
19 aprel 2023
10387Dollar hisobida millioner bo‘lish uchun necha yil ishlashingiz kerak? O‘zbekiston sharoitida million dollar topishning imkoni bormi? Ha, bor – faqat buning uchun bir qancha yillar tinmay mehnat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Butun dunyo bo‘ylab xaridorlarga pul tejash uchun yordam berishga mo‘ljallangan, jahonning 44 mamlakatida faoliyat olib boruvchi onlayn aqlli savdo platformasi bo‘lgan “Picodi.com” portali turli mamlakatlar odamlarining o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqqan holda, million dollar ishlab topishlari uchun necha yil kerak bo‘lishini hisoblab chiqdi.
Demak, O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaro 1 million dollar pul ishlab topishi uchun necha yil kerak? Diqqat qiling – naq 277 yilu 8 oy!
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi 3 million 892 ming so‘mni tashkil etuvchi o‘zbekistonliklar 277 yilu 8 oy tinimsiz mehnat qilsa, pulini yig‘a olsa, kasal bo‘lmasa va eng muhimi o‘lmasa oylik maoshi ortidan millioner bo‘la oladi.
Nashr tomonidan e’lon qilingan reytingga dunyoning 102 mamlakati kiritilgan. Ro‘yxatning eng yuqorisida Shveysariya joylashgan bo‘lib, bu mamlakat fuqarosiga bir million dollar ishlab topishi uchun atigi 14 yil va 3 oy kifoya qiladi. Ikkinchi o‘rinni 16 yilu 11 oylik ko‘rsatkich bilan Singapur egallab turibdi. Lyuksemburg aholisi ham milloner bo‘lishi uchun o‘zbekistonliklardek sal kam uch asr mehnat qilishi shart emas. Ularga 17 yilu 4 oy kifoya. Kuchli beshlikka fuqarolari 19 yil 10 oy ishlab millioner bo‘luvchi AQSH va 20 yil 11 oy ichida million dollar topa oladigan Islandiya ham kiritilgan.
Reytingga kiritilgan boshqa davlatlar natijasiga qaraydigan bo‘lsak, Rossiya 60-o‘rinni egallagan. Mamlakatda o‘rtacha ish haqini olib, 136 yilu 10 oyda million dollar ishlab olish mumkin. Armaniston 63-o‘rin (148 yilu 8 oy), Belarus 68-o‘rin (165 yilu 10 oy), Qozog‘iston 69-o‘rin (171 yil), Gruziya 70-o‘rin (172 yilu 8 oy), Ozarbayjon 87-o‘rin (228 yilu 8 oy) va O‘zbekiston 91-o‘rinda.
Harqalay, 102 ta mamlakat ishtirok etgan reytingda hech bo‘lmasa, 11 ta davlatdan oldinda turibmiz. O‘zbekistondan ortda bo‘lgan mamlakatlar qatorida Tunis, Kolumbiya, Kambodja, Zimbabve, Jazoir hamda Bangladesh bor. Ular ham rosmana boyish – 1 million dollar topish uchun 3 asrgacha va undan ziyodroq ter to‘kishi kerak.
Shuningdek, Nigeriya (519 yilu 1 oy), Uganda (523 yil 3 oy), Misr (603 yil 6 oy) va Pokiston (621 yilu 3 oy) aholisi million dollar ishlab topishi uchun 500 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi.
Davlatlarning mazkur reytingda nechanchi pog‘onada turishi ularning o‘rtacha ish haqi reytingida nechanchi o‘rinda turishiga bevosita bog‘liq.
Hayot sifati, uy-joy ko‘rsatkichlari, jinoyatchilik darajasi, sog‘liqni saqlash hamda transport sifati va boshqa statistik ma’lumotlarni taqdim etib keluvchi dunyodagi yashash narxining eng katta ma’lumotlar bazasini o‘zida jamlagan Numbeo portaliga ko‘ra, O‘zbekiston o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqi bo‘yicha 105 ta mamlakat ichida 92-o‘rinni egallagan. Garchi bu ko‘rsatkich o‘tgan yillarga nisbatan biroz yaxshilangan bo‘lsada, bu o‘rinni natija deyishning o‘zi qiyin.
Portaldagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi 304 dollar bo‘lgan O‘zbekistonda to‘rt kishidan iborat oilaning oylik xarajatlari ijarasiz 1,5 ming dollarni tashkil qiladi.
Bir kishining oylik xarajatlari esa ijarasiz 424,4 dollarni tashkil qilib, bu uning daromadi xarajatlaridan kam ekanini anglatadi.
O‘rtacha ish haqi reytinggida eng yuqori o‘rinlarni yana Shvetsariya, Singapur, AQSH, Islandiya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Daniya, Avstraliya, Niderlandiya, Norvegiya va Kanada egallab turibdi. Sanalgan mamlakatlarda o‘rtacha ish haqi – 3 ming dollardan 6 ming dollargacha.
Markaziy Osiyodan faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston kiritilgan ushbu reytingda qo‘shni Qozog‘iston O‘zbekistondan 21 pog‘ona oldinda turibdi.
Shuningdek, Qozog‘iston aholiga pensiya to‘lash bo‘yicha ham MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondan ancha oldinda. “Sputnik” nashri e’lon qilgan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya puli 94 dollarni tashkil qiladi. Ozarbayjonda bu ko‘rsatkich 249 dollar, Qozog‘istonda 244 dollar, Rossiyada 238 dollar va Belarusda 211 dollarni tashkil qiladi.
Shuningdek, Moldova, Ukraina, Armaniston, Gruziya ham pensiya puli bo‘yicha tuzilgan reytingda O‘zbekistondan oldinda turadi.
Bunda faqat Qirg‘iziston va Tojikiston O‘zbekistondan ortda bo‘lib, ularda o‘rtacha pensiya puli 89 va 29 dollarni tashkil qiladi.
Xullas, bo‘lajak pensionerlar va millionerlar QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting. Oldinda sizni o‘zingiz haqingizdagi o‘zingiz bilmagan ma’lumotlar kutib turibdi.
LiveBarchasi