Birinchi o‘rin ham, ikkinchi o‘rin ham o‘zbeklarniki!
Tahlil
−
03 fevral 2817 2 daqiqa
Joriy yilning 16 yanvaridan 1 fevraliga qadar Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli turnirlardan biri Tata Stell Chess 2026 musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning yetakchi grossmeysterlari qatorida ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab, musobaqaning mutlaq yetakchisiga aylandi.
Turnirning mutlaq g‘olibi sifatida Nodirbek Abdusattorov e’tirof etildi. U 13 tur davomida 9 ochko jamg‘arib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va yakka hokimlik bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joizki, bu Abdusattorovning Tata Stell turniridagi beshinchi ishtirokida qo‘lga kiritgan ilk chempionligi bo‘ldi. Ushbu g‘alaba unga xalqaro reytingda yana dunyoning eng kuchli top-5 shaxmatchilari safiga kirish imkonini berdi.
Musobaqada Javohir Sindarov ham munosib ishtirok etdi. U turnir davomida birorta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etdi hamda kumush medal sohibiga aylandi. E’tiborli jihati shundaki, Sindarov mazkur turnirda ilk bor qatnashdi. Erishilgan yuqori natijasida u jahon reytingida 21-o‘rindan 11-o‘ringa ko‘tarilib, shaxsiy faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Bugungi kunda o‘zbekistonlik grossmeysterlarning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari jahon shaxmat hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Ushbu yutuqlar mamlakatimizda shaxmat sportiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, yosh avlod orasida ushbu intellektual sport turining ommalashuviga xizmat qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Nodirbek Abdusattorov 13–15 fevral kunlari Germaniyada bo‘lib o‘tadigan FIDE Fristayle Chess World Championship musobaqasida ishtirok etib, yana bir bor O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Behzod Shamsutdinov
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral