Milliardlab mablag‘ ajratilgan o‘zbek multfilmlari nega qoniqarsiz?..
Madaniyat-san’at
−
05 iyun 2020
9734Jamoatchilik tomonidan O‘zbekistonda ishlanayotgan multfilmlarga nisbatan keskin e’tirozlar bildirilmoqda. 2019 yilda multiplikatsion filmlar ishlab chiqarishga 4,5 milliard so‘m ajratilgan, biroq ular hamon qoniqarsiz. Ushbu muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilish kecha, 4 iyun kuni ”O‘zbekkino” milliy agentligida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tkan. 2020 yilda 30 ta, 2022 yilda esa davlat buyurtmasiga asosan har yili 50 tadan multiplikatsion film yaratilishi kerakligi aytilgan. Ta’kidlanishicha, 2019 yilda 12 ta multfilmni yaratish uchun Agentlik tomonidan 4,5 milliard so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘i ajratilgan. Pullarning 76,24 foizi – (3 milliard 400 million so‘m) 2019 yilda 9 ta multfilm ishlab chiqargan davlat multstudiyasiga berilgan, qolgan 23,76 foizi (1 milliard 59 million so‘m) mablag‘ 3 ta multfilm yaratgan xususiy ishlab chiqaruvchilarga ajratilgan.
Yig‘ilishda ishtirok etganlarning ta’kidlashicha, zamonaviy fikrlovchi, intelektual salohiyatga ega kadrlarning yetishmasligi, bolalar xarakteri hisobga olinmayotgani, zamonaviy texnologiyalar taqchilligi sabab to‘liq metrajli va ko‘p qismli multfilmlar ishlanmayapti.
Multiplikator va ijodkorlar Nozim To‘laxo‘jayev, Dmitriy Vlasov, Gayane Matevosyan va boshqalarning fikr-mulohazalari hamda takliflariga ko‘ra, “Multiplakatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonasi tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish, multiplikatsion filmlarni yanada rivojlantirish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash kerak. Bundan tashqari, xodimlarning bilim va tajribasini oshirish zarur.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda prodyusser, multiplikator, Animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi rahbari, “FUTURIST” studiyasi asoschisi Salomov Behzod Bahodirovich “Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK direktori lavozimiga tayinlandi.
LiveBarchasi