Saida Mirziyoyeva Disney vitse-prezidenti bilan o‘zbekcha multfilm tomosha qildi
Jamiyat
−
20 dekabr 2749 2 daqiqa
Kecha, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “The Walt Disney Company” kompaniyasining vitse-prezidenti, “Emmi” mukofotining 7 karra sovrindori Hayma Vashington va o‘g‘li Shavkatjon bilan multfilm premerasida qatnashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Kecha bolajonim Shavkatjon bilan “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmi premerasida ishtirok etdik. Zalda 2000 nafar bolajon bor edi — ularning ko‘zlaridagi quvonch, hayrat va samimiy kulgini ko‘rib, ko‘nglim to‘lib ketdi. Bolalar multfilmni shunchaki tomosha qilishmadi, go‘yo ichiga kirib ketishdi, qahramonlar bilan birga yashashdi, xursand bo‘lishdi, xavotir olishdi. Bolani aldab bo‘lmaydi. Ular yolg‘onni ham, haqiqatni ham darrov his qiladi. Agar bola ekrandan ko‘z uzmay o‘tirgan bo‘lsa, demak, ijodkor o‘z ishini chin dildan qilgan. Shu ma’noda, bu multfilm bolalarning qalbidan joy olganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim”, deydi Saida Mirziyoyeva.


Uning bildirishicha, ushbu multfilm O‘zbekiston tarixida ilk bor 3D formatda ishlangan to‘liq metrajli animatsion film va bu birinchi qadam hisoblanadi.

“Lekin eng muhimi – bu qadam tashlandi. Ona sifatida aytaman: bolalarimiz o‘z tilida, o‘z ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni ko‘rib ulg‘ayishi juda muhim. Shu sabab Jahongir Ahmedov va butun ijodiy jamoaga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman. Bo‘shashmanglar, oldinda yanada katta yutuqlar, yanada chiroyli orzular bor. Omad sizga yor bo‘lsin!” deydi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva “The Walt Disney Company” kompaniyasining vitse-prezidenti, “Emmi” mukofotining 7 karra sovrindori Hayma Vashington bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi