“Let it go…”. “Muz yurak” qaytmoqda

Madaniyat-san’at

image

Film yaratilganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan “Muz yurak” ijodkorlari  multfilmning 12 qismdan iborat yangi serialini taqdim etdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi. 

2013 yilda “tug‘ilgan” “Muz yurak” kartinasi filmdan ham ko‘proq “Let it go” saundtreki bilan butun dunyoga tanildi.  Uning ikkita filmi jahon kassalaridan 1 milliard dollardan ko‘proq daromad oldi. Shuningdek, u Idina Menzel va Kristen Bell kabi aktyorlar tarkibi tufayli eng yaxshi animatsion badiiy film nominatsiyasida Oskarni qo‘lga kiritgan birinchi Disney filmi bo‘ldi.

Endi esa kartina podkast formatiga o‘tyapti. Ushbu serial “Muz Yurak 2”da sodir bo‘lgan voqealarining mantiqiy davomini aks ettirishi kutilmoqda. Uning syujeti iqlim falokatidan ilhomlanib ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkin. Chunki podkastda tabiat ruhlari tabiiy tartibni buzadigan sirli mashinalar natijasida harakat qila boshlaydi. Filmning mashhur qahramonlari Anna va Elza esa ularni to‘xtatishi kerak.

“Ushbu serial tomoshabinlarning tasavvuriga ta’sir qiladi va ota-onalarga farzandlari bilan birga ko‘rish uchun qiziqarli tajribani taqdim etadi”, dedi ABC Audio kompaniyasi vitse-prezidenti Liz Alessi.

Serialda Anna, Elza va boshqa qahramonlarning rollarini yangi aktyorlar ijro etgan. Biroq bu asl aktyorlarning filmni butunlay tark etganini anglatmaydi. Disney uchinchi film ustida ishlayotganini va Menzel ushbu qismda ham ijodiy jamoada ekanligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Disney+ 2022 yil avgust oyida ilk premerasi bo‘lib o‘tgan “Men Grutman” filmining 2-faslini shu yilning sentyabr oyida taqdim etishni rejalashtirmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

mul'tfil'm Muz yurak frozen podkast

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing