“Milan”ning sobiq murabbiyi O‘zbekiston MTJni boshqarishi mumkin – OAV
Sport
−
16 avgust 2025 13662 1 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘l olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga mashhur turkiyalik mutaxassis Fotih Terim bosh murabbiy etib tayinlanishi mumkin. MTJ rahbariyati “Milan”ning sobiq murabbiyiga rasmiy taklif yuborgan. Bu haqda Turkiyaning “Mynet” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston tarixida ilk marta mundialda qatnashayotgani sababli rahbariyat tajribali va nomdor murabbiyni jamoaga olib kelishni istamoqda. 71 yoshli Terim esa bu taklifni ko‘rib chiqish uchun vaqt so‘ragan. Agar u rozi bo‘lsa, murabbiy sifatida ilk bor Jahon chempionatida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi taklifida shartnoma muddati yoki maoshi ochiqlanmagan. Agar Terim rozi bo‘lsa, tayyorgarlik darhol boshlanadi va u jamoani AQSH, Meksika hamda Kanadada o‘tadigan 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorlaydi.
Ma’lumot uchun, Fotih Terim Turkiya terma jamoasi bilan Yevro-2008 va Yevro-2016 musobaqalarida qatnashgan, “Galatasaroy” bilan esa UEFA Kubogini qo‘lga kiritgan. Yevropada “Fiorentina“, “Milan“ va “Panatinaikos” kabi klublarda ham ishlagan, ammo hech qachon Jahon chempionatida jamoa boshqarmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston MTJ germaniyalik mutaxassis Yoaxim Lyovga taklif bilan chiqqani, biroq u rad javobi bergani xabar qilingandi.
Live
Barchasi