O‘zbekiston MTJ ustozi bo‘lishga yaqin turgan Bentu o‘zi kim?
Sport
−
28 avgust 8942 3 daqiqa
Avvalroq, portugaliyalik 56 yoshli mutaxassis Paulu Bentu O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarishi kutilayotgani xabar qilingan edi. Bugun, 28 avgust kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda uning Toshkentga yetib kelgani va tez orda Milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida e’lon qilinishi haqida xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, Bentu faoliyati davomida qanday yutuqlarga erishgan va qaysi jamoalarga ustozlik qilgan?
Bentu professional futbolchilik faoliyatida yarim himoyachi ampulasida to‘p surgan. Hatto, u Krishtianu Ronaldu bilan birgalikda “Sporting”da to‘p tepgan va keyingroq milliy jamoada unga ustozlik ham qilgan.

Ushbu mutaxassis murabbiylik faoliyatini 2004 yilda Portugaliyaning “Sporting” klubi, yoshlar jamoasida boshlagan. Oradan 1 yil o‘tib, 2005 yilda klubning asosiy jamoasi bosh murabbiyiga aylangan. 2007-2008 yillarda esa “Sporting” bilan 2 marotaba Portugaliya kubogi va Superkubogi g‘olibligini qo‘lga kirtigan.
Bundan tashqari, Bentu 2016 yilning 11 mayida Braziliyaning “Kruzeyro” klubi bosh murabbiyi etib tayinlangan. Shartnoma 2017 yilning dekabrigacha imzolangan. U “Kruzeyro” tarixidagi xorijlik uchinchi, yevropalik birinchi murabbiyga aylangan. Biroq 2016 yilning 25 iyul kuniyoq Bentu “Sport Resifi”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng jamoa bosh murabbiyligidan ketgan.
Shundan so‘ng, u 2016 yilning 11 avgustida Gretsiyaning “Olimpiakos” jamoasi bilan 2 yillik shartnoma imzolagan va 1 yil o‘tib, 2017 yilda mamlakat chempioniga aylangan. Shu bilan birga, Bentu Xitoyning “Lifan” klubida ham bir muddat – 2017/2018 yilgi mavsumda ishlagan va jamoaning atigi 15ta o‘yiniga bosh murabbiylik qilgan.
U Portugaliya, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklari milliy terma jamoalarini turli yillarda boshqargan.
Bentu 2010 yilning 21 sentyabr kuni Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. Shundan so‘ng, bu lavozimda 4 yil faoliyat olib borgan. Uning boshchiligida portugallar 47 ta o‘yinda 26 g‘alaba, 11 durang, 10 mag‘lubiyat qayd etgan. Yevro-2012 turnirida yarim finalgacha yetib borgan va penaltilar seriyasida Ispaniyaga yengilgan. Shu tariqa musobaqaning bronza medaliga ega chiqqan.

U Portugaliya bilan 2014 yil Braziliya mezbonlik qilgan mundialda guruh bosqichida Germaniyaga 0:4 hisobida yengilgan, AQSH bilan durang o‘ynagan – 2:2 va Ganani 2:1 hisobida taslim qilgan. AQSH bilan bir xil 4 ochko to‘plagan Portugaliya to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhda qolib ketgan.
2022 yil Janubiy Koreya ustozi sifatida Qatarda o‘tgan Jahon chempionatida qatnashgan. Xuddi 2014 yildagi kabi 4 ochko jamg‘argan koreyaliklar Urugvay bilan durang (0:0), Ganaga mag‘lubiyat (2:3), Portugaliyani mag‘lub qilgan (2:1). Nimchorak finalda esa Braziliyaga (1:4) imkoniyatni boy bergan.

Bentu Janubiy Koreya bilan 57 ta o‘yinda 35 ta g‘alaba, 13 ta durang, 9 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasida esa 26 ta o‘yinda 14 g‘alaba, 5 durang, 7 mag‘lubiyat bilan jamoani tark etgan.

Qayd etish joiz, o‘tgan yilning 15 oktyabr kuni Bentu BAA bosh murabbiyi sifatida Jahon chempionatining saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Toshkentda o‘tgan uchrashuvda yagona golga Otabek Shukurov mualliflik qilgan.
Live
Barchasi