Migratsiya inqirozi: “Turkish Airlines” Yevropa davlatlariga va’da berdi
Olam
−
12 noyabr 2021
4553“Turkish Airlines” aviakompaniyasi o‘z samolyotlari bortida Iroq, Suriya va Yaman fuqarolarini Minskka olib bormaslikka va’da berdi. Bu haqda Polsha rahbari idorasi vakili Yakub Kumoh ma’lum qildi.
“Turkish Airlines” Minskka boradigan samolyotlari bortiga Iroq, Suriya va Yaman fuqarolarini qabul qilmasligini tasdiqladi, diplomatik pasportga ega bo‘lganlar bundan mustasno”, degan u.
Polsha rasmiylarining fikricha, Belarus rahbariyati Yaqin Sharqdan muhojirlarni keyinchalik Yevropa Ittifoqi bilan chegaraga jo‘natish maqsadida o‘z mamlakatiga ataylab jalb etib, YeIdagi vaziyatni beqarorlashtiradi.
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Polsha chegarasidagi joriy migratsiya inqirozini bartaraf etish choralariga ishora qilib, aviakompaniyalarga, jumladan, Belarus aviakompaniyalariga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish zarurligi haqida aytgan.
Polsha xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Belarusda 15 minggacha muhojir bo‘lishi mumkin, ulardan 2-4 ming nafari Polsha chegaralari yaqinida to‘plangan.
2021 yilda Polsha chegarachilari Polsha-Belarus chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga 33 mingga yaqin urinishning oldini oldi.
8 noyabr kuni vaziyat keskinlashdi — bir necha ming muhojir chegaraga yaqinlashdi va vaqti-vaqti bilan katta guruhlar bo‘lib to‘siqlarni buzib, Polshaga kirishga harakat qilmoqda.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi Polsha-Belarus chegarasidagi migrantlar bilan bog‘liq vaziyat tufayli dekabr oyi boshida “Aeroflot” va Turkiyaning “Turkish Airlines” aviakompaniyasiga sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandik.
Keyinchalik, Turkiya muhojirlarni Belarusga olib o‘tishga aloqadorlik ayblovlarini rad etgandi.