Migratsiya agentligining sobiq mulozimi qidiruvga berildi
3-sahifa
−
14:41 3450 2 daqiqa
Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, Andijon viloyatida tug‘ilgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqdagi e’lon Interpol saytida paydo bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat olib borgan Azizbek Toshtemirov 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan. Hozirda u firibgarlikda gumon qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Azizbek Toshtemirov lavozimdaligi davrida Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan ba’zi EPS–Topik imtihonlari vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilgani, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam bergani holatlari kuzatilgan va ehtimoliy qonunbuzarlik to‘g‘risida fuqarolardan bir qancha murojaatlar bo‘lgan.
2025 yilning avgustida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy ravishda pul olgan Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi va agentlik markaziy apparati bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng, agentlikning Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruhning o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi