Migrantlar kamsitilgan reydda o‘zbekistonliklar ham bo‘lgani aytildi
Olam
−
24 yanvar
7295Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qurilish maydonlarining birida reyd o‘tkazilgani va unda bir guruh muhojirlarning emaklab yurishga majburlangani aks etgan videolar tarqalgandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 17 yanvar kuni Yekaterinburg shahrida joylashgan qurilish maydonlarining birida sodir bo‘lgan. Unda huquq-tartibot idoralari qurilish ob’ektlarida ishlayotgan migrantlarga reyd o‘tkazgan va ularga nisbatan g‘ayriinsoniy usullarni qo‘llab, kamsitgan.
Bildirilishicha, ushbu qurilish ishlarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari vaqtincha ishlab kelgan. Reyd davomida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham ushlangan. So‘ngra ular patentsiz mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani sababli sudning qarori asosida Yekaterinburg shahri Gornistov 15/4-uyda joylashgan Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan.
O‘zbekiston fuqarolarining so‘zlariga ko‘ra, emaklab yurishga majburlangan migrantlar huquq-tartibot organlari xodimlari qurilish binosiga kirgan vaqtda qochishga harakat qilgan. Ammo binoning orqa tomonidan qochyotgan vaqtida qo‘lga olingan. Fuqarolarning ushbu harakatlariga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari ularni o‘tirib yurishga majbur qilgan.
“Hozirgi vaqtda ushbu holat mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan hamda yurtdoshlarimizga huquqiy va boshqa shakldagi yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, dastlab ushbu hodisa yuzasidan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya rasmiylariga murojaat yo‘llagandi. So‘ngra O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ham Federatsiya Ombudsmaniga murojaat jo‘natgandi.
LiveBarchasi