Kamsitilgan migrantlar bo‘yicha O‘zbekiston ham Rossiyaga murojaat yubordi
Olam
−
22 yanvar
34899Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi qurilish ob’ektlarida o‘tkazilgan reydlar davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari migrantlarni cho‘kkalab yurishga majburlagani haqidagi video tarqalgandi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Rossiyaga murojaat yubordi.
Bildirilishicha, voqea huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Rossiya migratsiya qonunchiligiga amal qilinishi bo‘yicha o‘tkazgan reyd davomida yuz bergan. Ushbu reyddan olingan surat va videolarda esa xavfsizlik kuchlari xodimlari o‘nlab muhojirlarni qatorga qo‘yib, o‘tirishga majbur qilgani aks etgan. Ayrim muhojirlarning yerga tiz cho‘kib o‘tirgani tasvirga olingan.
"Ombudsman yuqoridagi holat bo‘yicha ham Rossiya Federatsiyasi Ombudsmaniga murojaat qilib, Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat huquqlari ta’minlanishida ko‘mak so‘radi", deyiladi ushbu xabarda.
Shuningdek, qayd etilishicha, O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, murojaatlarni birgalikda ko‘rib chiqish, jumladan Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Yekaterinburgdagi muhojirlarga qarshi o‘tkazilgan reydda g‘ayriinsoniy usullar qo‘llangani yuzasidan Rossiya rasmiylariga murojaat yo‘llagandi.
LiveBarchasi