Mezbon bilan kelishmovchilik: Erdo‘g‘an Glazgodagi sammitga bormadi

Olam

image
0:00
0:00
download

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rimda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti yakunida Istanbulga qaytdi va u Glazgodagi iqlim sammitida shaxsan ishtirok etmaydi. Bu haqda “Anadolu” xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Turkiya yetakchisining rasmiy samolyoti unga hamrohlik qilayotgan butun delegatsiya bilan kechasi Istanbulga qo‘ngan. 

Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an Shotlandiyada bo‘lishi bilan bog‘liq qator protokol masalalarini mezbon davlat bilan kelishib olish imkoni bo‘lmagani uchun forumdagi ishtirokini bekor qilgan. Ayni paytda iqlim forumi ma’ruzachilari ro‘yxatida Turkiya rahbari nomi tilga olinmagan. 

Avvaliga Erdo‘g‘anning Glazgoda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi rejalashtirilgan edi. Biroq, bu muzokaralar kecha, 31 oktyabr kuni Rimda bo‘lib o‘tdi. 

Ma’lumot o‘rnida, bugun, 1 noyabr kuni ochiladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 26-konferensiyasining nufuzli vakillari kecha, 31 oktyabr kuni Glazgoda yig‘ilishni boshladi. AQSH Prezidenti Jo Bayden, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Mario Dragi va boshqalar G20 sammiti yakunlangan Rimdan Shotlandiyaga uchib ketdi. 

Avvalroq, Erdo‘g‘an AQSH Suriyada kurd terrorchilik tashkilotlariga hozirgacha berib kelgan yordamini to‘xtatishiga ishonch bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

sammit Erdo'g'an

Baholaganlar

252

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing