Mevasigacha tarqalgan illat: o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan talabalar ushlandi

Jamiyat

image

Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan talabalar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Ushbu tadbirda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali talabasi I.E. fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 54 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan.

Xabarga ko‘ra, “firibgar” talabaning ko‘rsatmasiga asosan davom etgan tadbirda, I.E.ning sherigi yana bir talaba O.X. 42,4 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.A. Namangan davlat universiteti talabasi I.P. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni Qirg‘iziston Respublikasidagi universitetlardan biriga Iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiritishni va’da qilgani aniqlangan. 

Shuningdek, ushbu ikki fuqaro Sh.ga 1-bosqichni tamomlagani haqida ma’lumotnoma tayyorlatib berishni ham aytgnan. Buning evaziga 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtda fuqaro F.A. va I.P. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘onada nodavlat ta’lim muassasasi rahbari bir fuqaroni Qo‘qon pedagogika institutiga 2 500 AQSH dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, oldindan 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bundan tashqari, Toshkentda o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligida ishlashini aytib, bir fuqarodan 2000 AQSH dollari olishida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing