Meva-sabzavotchilikni kreditlashning yangi tizimi joriy qilinadi

Jamiyat

image

Joriy yilning 15 sentyabridan ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini yetishitirsh uchun urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari sohadagi vazifalar va yangi imkoniyatlarni aytib o‘tdi. Eng avvalo:

•    joriy yilda qo‘shimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va kelgusida beriladigan 100 ming gektar ekin maydonlari hisobidan importni qisqartirish; 
•    oziq-ovqat mahsulotlari ekishni kamida 300 ming gektarga yetkazish kerakigi qayd etildi.

Umuman, oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirishni bundan buyon Bog‘dorchilik agentligi belgilab beradigan tartib o‘rnatiladi.

Mutasaddilarga 15 sentyabrdan boshlab hokim yordamchilari tavsiyasiga ko‘ra, sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar bo‘yicha urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratishni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bunda, ushbu mablag‘larning yarmini naqd pulda ajratishga ruxsat beriladi. Buning uchun, Bog‘dorchilik agentligiga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratiladi.

Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga meva-sabzavotchilikni kreditlashning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish topshirildi.

Endilikda kartoshka, sabzavot, yog‘-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sug‘urtalash xarajatining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi. Buning uchun, kelgusi bir yilda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan buyon paxta va g‘alladagi kabi oziq-ovqatga kredit berishda sug‘urta polisi kredit ta’minoti hisoblanadi.

“Bu yangilik ko‘plab dehqonlarimizning ishini yurgizib, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasida ishlatilmay turgan 700 milliard so‘mdan samarali foydalanishga imkoniyat yaratadi”, deydi Prezident.

Yig‘ilishda bugungi kunda respublika bo‘yicha har yili 300 ming tonna kartoshka, 6 ming tonna dukkakli, 11 ming tonna moyli ekinlar urug‘ini tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada, kartoshka bo‘yicha Samarqandda yaxshi tajriba boshlangan. Mutasaddilarga bu tajribani xususiy sektor bilan birga dukkakli  va moyli ekinlar urug‘chiligida ham yo‘lga qo‘yish, bunga 26 million dollar yo‘naltirish topshirildi.

Viloyat hokimlari oldiga kelgusi 2 yilda urug‘ importini 3 baravar qisqartirish vazifasi qo‘yildi. Har bir viloyatda kamida bittadan intensiv sabzavot ko‘chatchilik xo‘jaliklarini ishga tushirish topshirildi.

Bundan buyon hosildor yerlarning barchasini intensivga o‘tkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddi idoralarga intensiv qishloq xo‘jaligiga o‘tishni rag‘batlantirish va ta’sirchan soliq mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, kiritishga topshiriq berildi.


Maqola muallifi

Teglar

meva-sabzavot

Baholaganlar

114

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing