Meva-sabzavot eksport qiluvchilarga subsidiya qanday beriladi?
Jamiyat
−
28 yanvar 2020
6339Meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlarining qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Subsidiyalar Moliya vazirligi tomonidan kalendar yili uchun Davlat byudjetidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga (bundan buyon matnda - Agentlik) ajratiladigan mablag‘lar, shuningdek jalb etiladigan xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari, shu jumladan Jahon banki mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qanday maqsadlar uchun subsidiyalar beriladi
1. Qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishning yangi texnologiyalariga o‘rgatiladi. Agentlik kurslar, amaliy mashg‘ulotlar va seminarlarni tashkil etishda ko‘maklashadi. Bunday xarajatlarning 50 foizi subsidiyalar hisobidan qoplanadi.
2. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan monitoring yuritish uchun eksportyor tomonidan agronom ishga olinadi (har 300 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan ekin maydoni hisobiga 1 ta agronom). Agronom maoshining 50 foizi subsidiyalar hisobidan moliyalashtiriladi, biroq bir oy uchun ajratiladigan subsidiya summasi MHEKMning 5 baravaridan oshmasligi lozim.
3. Qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarda sotish bo‘yicha marketing tadqiqotlari eksportyor tomonidan mustaqil ravishda yoki ixtisoslashgan tashkilotni jalb etgan holda amalga oshiriladi. Bunda xarajatlarning 50 foizi subsidiyalar hisobidan qoplanadi.
Subsidiyalarni taqdim etish shartlari va tartibi
Eksportyor davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi, biznes-rejani ishlab chiqishi va ariza bilan Agentlikka murojaat etishi lozim. Buni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yoki tashqi iqtisodiy ma’lumotlar portali orqali amalga oshirish mumkin. Zarur hujjatlar ro‘yxati va ariza shakli nizomga ilovada keltirilgan. Ariza qabul qilganlik uchun to‘lov to‘lanmaydi.
Ariza va hujjatlar Agentlik tomonidan 7 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Hujjatlar talablarga muvofiq kelmasa yoki to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa, 3 ish kuni mobaynida eksportyorga qaytariladi.
Agentlik ariza va hujjatlar ko‘rib chiqilganidan keyin subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda qaror qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni mobaynida eksportyorga xabar qiladi.
To‘lov qanday amalga oshiriladi
Agentlik tomonidan subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida Moliya vazirligiga subsidiya ajratish to‘g‘risida buyurtmanoma bilan murojaat etiladi. Moliya vazirligi 1 ish kuni mobaynida buyurtmanomada ko‘rsatilgan mablag‘larni Agentlikning maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi. Keyin subsidiya Agentlikning hisobvarag‘idan 1 bank kuni mobaynida eksportyorning bankdagi hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.
Agentlik subsidiya ajratilgan eksportyorlarning reyestrini shakllantiradi, shuningdek ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qiladi. Ajratilgan mablag‘lardan maqsad belgilanganmagan yo‘nalishda foydalanilgan yoki to‘liq foydalanilmagan taqdirda, eksportyorga 10 ish kuni mobaynida ajratilgan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida talabnoma yuboriladi.
Subsidiya ajratilishi uchun Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mas’ul hisoblanadi.
LiveBarchasi