Qirg‘iziston o‘g‘it eksportiga taqiq qo‘ymoqchi
Olam
−
05 dekabr 2023
4325Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mineral o‘g‘itlarni mamlakatdan olib chiqishni vaqtinchalik taqiqlashni taklif qilmoqda. Vazirlik tomonidan tegishli qaror loyihasi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining muhokamasiga kiritildi. Bu haqda “Economist” xabar berdi.
Bildirilishicha, mazkur chora mamlakat fermerlarini 2024 yilgi bahorgi dala ishlari davrida o‘g‘itlar bilan to‘liq ta’minlash uchun zarur. Hujjatda keltirilgan prognozga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2024 yilda jami ekin maydonlari 1232 ming gektarni, respublikaning mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan yillik ehtiyoji esa 286 ming tonnani tashkil etadi.
Qirg‘iziston Respublikasiga bahorgi dala ishlari uchun har yili 30-40 ming tonna mineral o‘g‘it keltiriladi. O‘g‘itlarning mamlakatdagi umumiy strategik zaxirasi esa ekish boshida kamida 45-50 ming tonna bo‘lishi kerak.
Ammo, Qirg‘izistonning janubiy viloyatlarida dala ishlari boshlanar ekan, o‘g‘itlarning boshqa mamlakatlarga reeksport qilinishi oqibatida o‘g‘it yetishmovchiligi yuzaga keladi.
Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qirg‘iziston Respublikasi fermerlarini zarur hajmdagi o‘g‘itlar bilan ta’minlash maqsadida ularni mamlakatdan olti oyga olib chiqishni taqiqlashni taklif qilmoqda.
Qayd etish joizki, joriy yilda ham Qirg‘izistondan o‘g‘it olib chiqishga olti oylik taqiq joriy qilingan va u bahor boshidan kuzgacha amal qilgan.
Ma’lumot uchun, mamlakatga o‘g‘itlarning asosiy yetkazib beruvchisi O‘zbekiston hisoblanadi. Undan yiliga 100 ming tonnagacha o‘g‘it import qilinadi. Shundan 60 ming tonnasi bahor-yozgi ish mavsumiga, qolgani kuz-qish mavsumiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, o‘g‘itlarning umumiy hajmining 30-35 foizi Rossiya va Qozog‘istondan sotib olinadi.
LiveBarchasi