Metan “zapravka”larning ish faoliyati yana cheklanishi mumkin
Jamiyat
−
15 fevral
7379O‘zbekistonda havoning keskin sovishi ortidan yaqin orada metan “zapravka”lar ish jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “O‘zgidromet” 16-18 fevral kunlari mamlakat bo‘ylab havo haroratining keskin pasayishi to‘g‘risida xabar bergan. Shu munosabat bilan “Hududgazta’minot” AJ birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Bildirilishicha, iste’molchilarga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish maqsadida respublika bo‘yicha 262 ta avariya brigadalari shay holatga keltirilgan.
“Hududgazta’minot” sovuq kunlarda gaz iste’molining ortishi munosabati bilan, avtomobilga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da navbatlar va noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida haydovchilardan o‘z avtomobillarini yonilg‘i bilan ta’minlab olishlarini so‘radi.
Aytilishicha, ayni vaqtda mamlakatdagi barcha AGTKSHlar 24 soatlik rejimda faoliyat yuritmoqda, ammo yaqin orada mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda ularning ish grafigi o‘zgarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 8 dekabr kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish soatlariga cheklovlar o‘rnatilgandi. Energetika vazirligi respublikadagi barcha metan “zapravka”lari soat 6:00 dan soat 15:00 ga qadar ishlashini xabar qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 12 dekabrdan mamlakatga sovuq ob-havo massasi kirib kelgani sababli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari faqat soat 06:00 dan 12:00 gacha ishlay boshladi. 13 dekabr kuni esa Toshkent shahri hamda Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi “metan zapravka”lar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Ushbu hududlardagi 1179 ta “zapravka”dan 547 tasi ishlayotgani ma’lum qilindi. Oradan ikki kun o‘tib, 15 dekabrda qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi.
Sarvar Xurramov