Metan "zapravka”lar faoliyatiga kiritilgan qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi
Jamiyat
−
15 dekabr 2023
16301Joriy yilning 13 dekabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri va yana beshta viloyatda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatida qo‘shimcha cheklovlar kiritilgandi. Oradan ikki kun o‘tib, bugun, 15 dekabrda mazkur qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ xabar berdi.
Bildirilishicha, Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi AGTKSHlar faoliyatini tiklash maqsadida tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgan va ayni vaqtda mazkur hududlardagi “zapravka”lar faoliyatiga kiritilgan qo‘shimcha cheklovlar yumshatilib, ular mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida ish faoliyatini davom ettiradi.
Qayd etilishicha, ayrim joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda va iste’molchilar tomonidan murojaatlar kelib tushmoqda. Xususan, kecha, 14 dekabr kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Guliston va Oqoltin tumanlaridagi gaz quvurlarida avariya holati qayd etilgan. Toshkent viloyatida esa “Ko‘kterak” MFYdagi gaz quvuriga yuk mashinasi tomonidan shikast yetkazilgan va oqibatda 280 iste’molchi vaqtincha gaz tarmog‘idan uzilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatining Buxoro va Kogon tumanlaridagi gaz quvurlarida avariya holati kuzatilgan. Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Lolazor” MFY hududidan o‘tgan o‘rta bosimli gaz quvurida gaz sizib chiqish holati qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 dekabr kuni Toshkent shahri hamda Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi “metan zapravka”ning 1179 tasidan hozirgi vaqtda 547 tasi ishlayotgani ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi