Meta sun’iy intellektga asoslangan superkompyuter yaratdi
Texnologiya
−
26 yanvar 2022
7143Amerikaning Meta kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan superkompyuter — AI Research SuperCluster (RSC) yaratilganini e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022 yil o‘rtalarida to‘liq ishlab chiqilgach, dunyodagi eng tezkor kompyuterga aylanadi. Bu haqda Meta saytida chop etilgan press-relizda aytiladi.
“Bugun biz sun’iy intellektning eng tezkor superkompyuterlaridan biri bo‘lgan va 2022 yilning o‘rtalarida to‘liq ishlab chiqilgach, dunyodagi eng tezkor bo‘lishiga ishongan holda, AI Research SuperCluster’ni taqdim etmoqdamiz”, deyiladi xabarda.
Kompaniyaga ko‘ra, yanada murakkabroq vazifalarni bajara oladigan keyingi avlod sun’iy intellektini yaratish uchun “sekundiga kvintillionlab operatsiyalarni bajarishga qodir kuchli superkompyuterlar” kerak bo‘ladi. RSC superkompyuteri ishlab chiqaruvchiga “trillionlab misollarni o‘rganish, yuzlab tillarda ishlash, matn, audio va videolarni osonlik bilan tahlil qilish, to‘ldirilgan reallik vositalarini ishlab chiqish va boshqa ko‘p narsalarni qo‘llash mumkin bo‘lgan eng yaxshi sun’iy intellekt modellarini yaratish” imkonini beradi.
Ishlab chiquvchilarning fikriga ko‘ra, RSC keyingi yirik hisoblash platformasi — “metakoinot” uchun texnologiyalarni yaratishga yo‘l ochadi.
Ma’lumot o‘rnida, Amerikaning Facebook kompaniyasi 2021 yil 28 oktyabrda o‘z nomini Meta’ga o‘zgartirdi. Kompaniya tomonidan o‘ylab topilgan yangi nom nafaqat dasturlarni, balki to‘ldirilgan reallik qurilmalarini ham birlashtiradigan tanlangan “metakoinot” konsepsiyasining davomidir.
LiveBarchasi