Messi oltinchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi

Sport

image

Kecha, 2 dekabr Fransiya poytaxti Parij shahrida “France Football” nashri tomonidan an’anaviy tarzda topshirib kelinadigan “Oltin to‘p”ning navbatdagi sovrindori aniqlandi.

Taqdirlash marosimida dastlab“21 yoshgacha bo‘lgan yilning eng yaxshi futbolchisi”ga topshiriladigan “Kopa Trophy” o‘z egasini topdi.

2019 yilda “Ayaks” bilan Niderlandiya chempioni, Niderlandiya Kubogi sohibiga aylangan, shuningdek, sobiq klubi bilan Chempionlar Ligasi yarimfinaliga yetib borgan, milliy terma jamoa bilan esa Millatlar Ligasi finaliga chiqqan Matteys de Ligt mazkur sovringa munosib ko‘rildi.

De Ligtga mukofotni qo‘lga kiritishda Jeydon Sancho (Angliya, “Borussiya” D) hamda Joau Felish (Portugaliya, “Atletiko” M) raqiblik qildi va yakunda “Yuventus” himoyachisi “21 yoshgacha bo‘lgan yilning eng yaxshi futbolchisi” – “Kopa Trophy”ga munosib deb topildi.

Bu yil joriy etilgan Lev Yashin mukofotining birinchi sohibi esa “Liverpul” va Braziliya milliy terma jamoasi posboni Alisson Beker bo‘ldi.

Alisson 2019 yilda jamoasi bilan Chempionlar Ligasi g‘olibi hamda terma jamoasi – “Seleção” bilan esa Amerika Kubogida zafar quchdi.

Mazkur sovringa da’vogarlar orasida Mark-Andre ter Stegen (Germaniya, “Barselona”) va Andre Onana (Kamerun, “Ayaks”), Yan Oblak (Sloveniya, “Atletiko” M), Manuel Noyer (Germaniya, “Bavariya”), Ugo Loris (Fransiya, “Tottenhem”), Voysex Shesni (Polsha, “Yuventus”), Samir Handanovich (Sloveniya, “Inter”), Kepa Arrisabalaga (Ispaniya, “Chelsi”), Ederson (Braziliya, “Manchester Siti”) kabi darvozabonlar ham bor edi.

Yilning eng yaxshi ayol futbolchisiga topshiriladigan mukofot AQSH milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Megan Rapinoga nasib etdi.

“Olimpik Lion” ayollar klubi futbolchisi Megan Rapino “France Football” tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” mukofotini qabul qilish marosimida ishtirok etgani yo‘q, biroq mukofot unga yetkazilishi ma’lum qilindi.

Rapino AQSH bilan 2019 yili Fransiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.

U bilan birgalikda sovringa yana Lyusi Bronz (Angliya) hamda Aleks Morgan (AQSH) da’vogarlik qilgan edi.

64-bor tashkil etilgan kechaning asosiy sovrini “Barselona” hamda Argentina milliy terma jamoasi sardori Lionel Messiga topshirildi.

Hujumchiga 2019 yilgi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishda “Liverpul” himoyachisi Virjil van Deyk hamda “azaliy dushmani” “Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronaldu raqiblik qildi.

Yakuniy ovoz berish natijalariga ko‘ra Messi 2019 yilning “Eng yaxshi futbolchisi”, deya e’tirof etildi. U bu sovrinni 6-marta qo‘lga kiritib, bu borada mutlaq rekord o‘rnatdi.

“Oltin to‘p - 2019” so‘rovnomasi reytingi:

1. Lionel Messi (Argentina, “Barselona”)
2. Virjil van Deyk (Niderlandiya, “Liverpul”)
3. Krishtianu Ronaldu (Portugaliya, “Yuventus”)
4. Sadio Mane (Senegal, “Liverpul”)
5. Muhammad Saloh (Misr, “Liverpul”)
6. Kilian Mbappe (Fransiya, PSJ)
7. Alisson (Braziliya, “Liverpul”)
8. Robert Levandovski (Polsha,
“Bavariya”)
9. Bernardo Silva (Portugaliya, “Manchester Siti”)
10. Riyad Marez (Jazoir, “Manchester Siti”)


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Oltin to'p

Baholaganlar

65

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing