Merkel va Makron Putin bilan gaplashib oldi. Suhbatda nimalar muhokama qilindi?
Olam
−
12 Oktabr 2021
5314Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni hal qilishga bag‘ishlangan uch tomonlama telefon muloqotini o‘tkazdi. Suhbat davomida rahbarlar “yaqin kelajakda” “Normandiya to‘rtligi” (Germaniya, Fransiya, Rossiya va Ukraina) mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Zaybert ma’lum qildi.
“Kansler va Fransiya Prezidenti Rossiya Prezidentini “Normandiya formati”dagi muzokaralarga ko‘maklashishga chaqirdi. Muzokaralar ishtirokchilari Tashqi ishlar vazirlaridan yaqinda bu uchun uchrashishni so‘rashga kelishib oldi”, degan Zaybert.
Vazirlar Mahkamasi vakilining ta’kidlashicha, Putin bilan suhbat Merkel va Makron o‘rtasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan videokonferensiyadan so‘ng bo‘lib o‘tgan.
“Uning diqqat markazida Ukraina sharqidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Minsk kelishuvlarining bajarilishi bor edi”, degan u.
Zaybertning aytishicha, Merkel, Makron va Zelenskiy “Minsk kelishuvlari va 2019 yil dekabr oyidagi Parij sammitining qarorlarini to‘liq bajarish zarurligini ta’kidlab, “Normand formati”da sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, Putin, Merkel va Makron “ichki Ukraina mojarosini hal qilish jarayonining siljishi bilan bog‘liq xavotirli vaziyat”ni muhokama qilgan.