Merkel ketganidan keyin Germaniyadagi sharoit yomonlashdi – so‘rovnoma 

Olam

image

Germaniyalik saylovchilarning aksariyati Angela Merkel Germaniya kansleri lavozimidan ketganidan keyin mamlakatdagi vaziyat yomonlashgan, deb hisoblaydi. Bu haqda YouGov jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti tomonidan Merkelning 70 yilligiga bag‘ishlangan so‘rovnoma natijalarida so‘z boradi.   

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 61 foizi Angela Merkel boshqaruvi tugaganidan keyin Germaniyada turmush sharoiti yomonlashgan, deb hisoblaydi. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 7 foizigina vaziyat yaxshilanganiga ishonadi, yana 25 foizi esa jiddiy o‘zgarishlarni sezmagan.

Merkel kansler lavozimini tark etganidan so‘ng mamlakatdagi vaziyat yomonlashgani haqidagi fikrni ko‘proq katta yoshdagilar bildirgan: 60 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan respondentlarning 71 foizi va 50 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan respondentlarning 69 foizi shu fikrda.

Shu bilan birga, norozilarning ko‘pchiligi o‘ng qanot populistik “Germaniya uchun alternativ” saylovchilari orasida bo‘lgan: ularning 85 foizi Merkelning ketishi bilan vaziyat yomonlashganiga ishonch bildirgan.

Qayd etilishicha, yaxshi tomonga o‘zgarishlar haqida gapirganlar orasida hukmron koalitsiyada “Yashillar” tarafdorlari ko‘proq bo‘lgan – ularning 13 foizi Germaniyada Merkel ketganidan keyin hayot yaxshilanganiga ishonadi. 26% bunday o‘zgarishlarni tashqi sharoitlar bilan bog‘laydi, 21%  Olaf Shols hukmronligi va yana 44% har ikkala omilga ishora qiladi.

Ma’lumot uchun, Angela Merkel Germaniyaning sakkizinchi federal kansleri va Germaniya hukumatini boshqargan birinchi ayoldir. U 2005 yildan 2021 yilgacha 16 yil davomida kansler lavozimida ishlagan. Merkel hokimiyatda bo‘lganida ham mamlakat ichida, ham xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlangan. Biroq Merkel Germaniya hukumati rahbari lavozimini tark etganidan so‘ng boshlangan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ko‘pchilikni uning merosini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Kecha, 17 iyul kuni Merkel 70 yoshga to‘ldi.

Azizbek Eshmamatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Germaniya Merkel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made