Merkel faoliyati davomida eng boshog‘riq bo‘lgan ikki vaziyatni aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

2005 yildan beri Yevropaning eng qudratli davlatini boshqarib kelgan Angela Merkel kanslerlik faoliyati davomidagi eng katta sinovlar haqida gapirdi. Bu haqda u “Deutsche Welle”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Germaniyaga Suriya va mintaqaning boshqa davlatlaridan ko‘plab qochqinlarning kelishi va koronavirus pandemiyasi Merkel uchun eng katta sinov bo‘lgan.

“Shaxsan men uchun ikkita voqea eng katta sinov bo‘ldi. Birinchisi — Suriya va mintaqaning boshqa davlatlaridan ko‘plab qochqinlarning kelishi. Men buni inqiroz deb atamoqchi emasman, chunki gap odamlar haqida ketmoqda. Lekin, baribir, Suriya va mintaqaning boshqa davlatlaridan kelgan qochqinlar tomonidan bosim bo‘lgan. Hozir esa — koronavirus pandemiyasi. Bular men uchun eng katta sinov bo‘ldi”, degan Merkel. 

Shuningdek, Merkel Yevropada migrantlar uchun yagona boshpana tizimi mavjudligi hali ta’minlanmaganligi haqida gapirgan. 

“Rivojlanishga ko‘maklashish va qonuniy migratsiya borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Biz nimadir qilishga muvaffaq bo‘ldik, ammo qochqinlar va migratsiya mavzusi Suriyadagi va boshqa ko‘plab mamlakatlardagi vaziyat tufayli kun tartibida qoladi”, degan Merkel. 

Avvalroq, Merkel lavozimini tark etganidan keyin nima bilan band bo‘lishi borasida aniq rejalari yo‘qligini, biroq endi siyosat bilan shug‘ullanmasligini ma’lum qilgandi.  

Ma’lumot o‘rnida, Merkel 2005 yildan beri (to‘rt muddat) Germaniya kansleri lavozimini egallab kelgan, shuningdek, Xristian-Demokratik Ittifoqiga raislik qilgan. U 2018 yilda keyingi muddat oxirida lavozimidan ketishini e’lon qilgan. U navbatdagi saylovlarga uch yil qolganida yosh siyosatchilar mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi va partiyani tayyorlashi uchun bayonot bergan. Hukumat rahbari Merkelning vakolat muddati tugashi haqidagi xabar 26 oktyabr kuni e’lon qilingan. U yangi Vazirlar Mahkamasi shakllanmaguncha kansler lavozimida ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Merkel' koronavirus

Baholaganlar

195

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing