“Meni shu yerda o‘ldiring”. Sobiq prezidentning oilasi uyidan haydab chiqarildi
Olam
−
12 Sentabr 2025 31771 4 daqiqa
Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev oila a’zolari Atamboyevlar oilasiga tegishli bo‘lgan Qo‘y-Toshdagi uyidan haydab chiqarildi. Bu haqda sobiq prezidentning o‘g‘li Qodir Atamboyev ma’lum qildi, deb yozmoqda Qirg‘iziston mahalliy ommaviy axborot vositalari.
“Ular meni, onamni va oila a’zolarimni Qo‘y-Toshdagi uyimizdan, ajdodlarimiz zaminidan, barcha qarindoshlarimiz, tom ma’noda 100 metr uzoqlikda ko‘milgan yerdan noqonuniy ravishda chiqarib, bizni boshpanasiz qoldirmoqchi, sud ijrochilari yetib kelishdi”, deydi Atamboyevning o‘g‘li.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek tuman sudining qarori bilan 30 ga yaqin odam, jumladan, politsiya vakillari saroyga kelgan. Qodirbek rasmiylarning harakatlarini noqonuniy, deb atadi. Uning oilasi Oliy sud va Konstitutsiyaviy palataga murojaat qilishni rejalashtirgan.
Kichik Atamboyevga ko‘ra, davlat Sotsial-demokratlar partiyasi qarorgohi va Media Forumni musodara qilmoqchi.
“Bu mutlaqo qonunbuzarlik... Shunga qaramay, sud ijrochilari yuqoridan kelgan buyruq bilan o‘zlarining noqonuniy xatti-harakatlarini boshlashmoqda. Meni shu yerda o‘ldiringlar. Otamni davolatish uchun chet elga borishimga ham ruxsat bermaysizlar. Mamlakat ichidagi uyimni olib qo‘yyapsizlar”, deb yozdi u o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Ushbu voqealarning silsilasi 2019 yilda Qo‘y-Toshda sodir bo‘lgan hodisalarga borib taqaladi. O‘shanda Atamboyevning mulki muhrlangan edi. Ijro organi sobiq prezidentning uyini davlat balansiga olmoqchi bo‘ldi. Sadir Japarov “u yerda keksalar uchun muassasa ochamiz”, dedi.
Joriy yilning iyun oyi boshida Bishkekning Birinchi may tuman sudi 2019 yilda Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir etilgan korrupsiya va tartibsizliklar ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Hozirda xorijda bo‘lgan Almazbek Atamboyev sirtdan 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Sud sobiq prezidentni davlat mukofotlaridan mahrum etish va mulkini musodara qilish bo‘yicha qaror chiqardi. Hukm ustidan shikoyat qilingan, ish hozirda Bishkek shahar sudida ko‘rilmoqda.
2022 yil may oyida Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi uyi musodara qilinib, davlat mulkiga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Jamg‘arma xodimlari sobiq prezident oilasidan uydan chiqib ketishni talab qilgan. Shundan so‘ng Atamboyevning oila a’zolari uy hududida dam olishga muhtoj bolalar uchun o‘quv-sog‘lomlashtirish sport majmuasi ochmoqchi ekanligini ma’lum qildi.
Atamboyevning hibsga olinishi
Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yilning 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan, politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan.
Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi.
Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.
Live
Barchasi