“Meni qutqarib qolish variantlari juda-juda kam edi”. Aktrisa Ra’no Shodiyeva saraton kasalligiga chalindi
Madaniyat-san’at
−
15 fevral 2022
92869O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, nogironligi bor shaxslar huquqlari faoli Ra’no Shodiyeva saraton kasalligiga chalinib, ayni damda davolanish muolajalarini qabul qilmoqda. QALAMPIR.UZ muxbiri aktrisa bilan bog‘lanib, undan xabar oldi.
“Toshkentdaman. Yaqinda qaytdik. Yana biroz kimyo terapiya muolajalarini qabul qilishim kerak. Saraton kasalligiga chalinganlarga motivatsiya bo‘lsin, hayotdan umidlarini uzmasinlar, deb betobligim haqida ochiq aytdim”, deydi aktrisa.
Shodiyevaning ma’lum qilishicha, unda juda kam uchraydigan jigar saratoni xastaligi aniqlangan.
“Shifokorim menga qarab shok holatiga tushdi. U mendan, “[Alkogol] ichasanmi, chekasanmi, fast-fud iste’mol qilasanmi, gazlangan ichimliklar ichasanmi?”, deb so‘radi. “Yo‘q, men umuman ichmayman, chekmayman, 10 yildirki gazlangan ichimliklar va fast-fud iste’mol qilmayman”, deb javob qaytardim. U yana mendan “Sariq kasal bo‘lganmisan, jigar sirroziga chalinganmisan?”, deb so‘radi. Yo‘q, men bunday kasalliklarni o‘tkazmaganman. Keyin bilsam mening kasalim aynan u so‘raganlar bilan bog‘liq ekan. Bu kasallikka juda kam foiz ayollar chalinar ekan. Bu jigar saratoni”, deydi aktrisa.
Ra’no Shodiyeva so‘zida davom etarkan, Moskva safaridan qaytayotib samolyotda tobi qochganini aytdi.
“Onam bilan yangi loyihalar ustida ishlash va konferensiyada qatnashish uchun Moskvaga ketgandim. Juda katta rejalar bilan qaytayotgandim. Samolyotga chiqqanimda og‘riq boshlandi. Reys 40 daqiqaga kechiktirildi. Mendan qolishimni so‘rashdi, ammo rozi bo‘lmadim va Toshkentga qaytdim. Qaytganimdan keyin shifokorlar menga jigar saratoni tashxisini qo‘yishdi. Holbuki, sog‘lig‘imga juda jiddiy e’tibor qaratar edim. Atrofimdagi do‘stlarim va hamkasblarim yaxshi bilishadiki, men gazli ichimliklar va fast-fud iste’mol qilmayman. Kasallikka esa kuchli zo‘riqish sabab bo‘lganini aytishmoqda”, deydi aktrisa.
Ra’no Shodiyeva boshidan o‘tganlarni aytib berarkan, davolanish uchun Turkiyani tanlaganini urg‘ulaydi. Aktrisa Istanbuldagi shifoxonalardan birida operatsiya qilingan va amaliyot muvaffaqiyatli o‘tgan.
“Hech afsuslanmayman. Chunki meni qutqarib qolish variantlari juda-juda kam edi. Operatsiya 11 soat o‘tdi va yana hayotga qaytishim Xudoning mo‘’jizasi edi. Aslida operatsiya 6 soat bo‘lishi kerak edi, ayrim sabablarga ko‘ra 11 soatgacha cho‘zildi. Shifokorim esa natijadan juda xursand. Holatim yaxshimas edi. Shuning uchun shifokorim “Avval ochib ko‘ramiz, agar vaziyat yomon bo‘lsa, qayta yopib qo‘yamiz, qolgani Allohning inoyati”, degan edi. Lekin Alloh menga yana bir bor hayot berdi, bundan juda-juda xursandman”, deydi Shodiyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik aktrisalardan yana biri – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametovada ham saraton xastaligi aniqlangan edi. U ham Turkiyada davolangan.
LiveBarchasi