Eksklyuziv intervyu: Ra’no Shodiyeva saraton bilan qanday kurashayotganini aytib berdi
Intervyu
−
01 iyul 2022
77359O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Ra’no Shodiyeva jigar saratoniga chalingan edi. Uzoq muddatdan buyon Turkiyada yashab, davolanayotgan aktrisa bilan QALAMPIR.UZ muxbiri bog‘lanib, uning xolidan xabar oldi.
Ulug‘bek Xudoyberganov, muxbir: — Hozirgi kunda sog‘lig‘ingiz qanday? Kasallik qanchalik ortga chekindi?
R.Sh.: — Alloh menga shunday bir sinov berdi. Hozir shu sinovni chiroyli yengib o‘tishga harakat qilmoqdaman. Men juda og‘ir ahvolda edim. Shifokorlarning aytishicha, ikki-uch oylik umrim qolgan ekan, kasallikni vaqtida payqabman.
Hammasini boshidan aytadigan bo‘lsam, bu xuddi kinodagidek bo‘ldi. Men kasalligimni bilishimdan avval Moskvada edim. Xalqaro “Kar-soqovlar jamiyati”ning Kongressiga, O‘zbekiston nomidan borgan edim. Qizil maydonni aylandim, Instagram’da obunachilarim bilan jonli muloqot qildim. Kremlda gala-konsertlarda qatnashib, ertasi kuni O‘zbekistonga uchib kelishim kerak edi.
Samolyotga kirayotganimda, dahshatli og‘riq boshlandi, keyin esa xushimni yoqotibman. O‘zim bu narsani sezmay ham qoldim. Men sabab reys 40 daqiqaga kechiktirilibdi. Hatto, tez yordam bilan aeroportdan shifoxonaga yubormoqchi bo‘lishdi. Lekin o‘zimga kelganimdan so‘ng,“Nima bo‘lishidan qat’i nazar O‘zbekistonga qaytaman”, deb tez yordam xodimlariga tilxat yozib berib, Toshkentga qaytdim. Kelganimdan so‘ng sezdimki, menda nimadir boshqacha, hech qachon meni bezovta qilmagan muammolar paydo bo‘ldi. Ertasi kuni turmush o‘rtog‘im bilan klinikaga bordik va men bu tashxisni eshitdim: onkologiya, jigar saratoni.
Bir kunda hayotim umuman boshqa tomonga o‘zgardi. Jigarimning 50% ini metastaza bosib ketgan ekan. Ahvolim esa juda-juda yomon ekani ma’lum bo‘ldi. Bir-ikki kunda qayerda muolaja olishimni muhokama qildik. O‘zbekistondagi shifokorlar “Sizning kasaligingizni O‘zbekistonda muolaja qilish juda qiyin masala, sababi texnologiya va dorilar bizda muammo, chet elda muolaja qilsangiz yaxshi bo‘lardi”, deyishdi. Bizga Germaniya va Turkiya variantini aytishdi, men esa Turkiyani tanladim.
Hozir kasallikning og‘ir – To‘rtinchi bosqichdan, birinchi bosqichga o‘tdim. Muolajalarim hali davom etmoqda, kasallik bilan kurashyabman. Men o‘zimni yaxshi his qilyabman, ammo o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Chunki – bu onkologiya. Lekin shunga qaramasdan men yashayabman va yashashda davom etaman. Allohdan uzoq umr berishini so‘rayabman, ibodatdaman. Albatta, bu narsadan chiqib ketaman va remissiya holatiga tushaman.
U.X.: — Muolajalar yana qancha davom etadi?
R.Sh.: — Hozir juda ham og‘ir amaliyotni boshdan o‘tkazdim. 20 tadan ortiq kimyoviy muolaja oldim. Eng oxirgi va zamonaviy uslubdagi operatsiyani boshimdan o‘tkazdim. Juda ham og‘ir va shu bilan birga noyob operatsiya bo‘ldi. Jigarimning 70% ini olib tashlashdi. Bu operatsiya 11 soat davom etdi. Avvalo Xudo, hamma narsa Xudoning qo‘lida, lekin shifokorlar mening hayotim uchun kurashishdi, qo‘llaridan kelgan hamma narsani qilishdi. Bilasizmi, men operatsiyaga kirishimdan oldin shifokorlar “hammasi Allohdan, biz qo‘limizdan kelgan hammasini qilamiz”, deyishdi. Shunday tavakkal qilib, operatsiyaga kirganman. Operatsiya a’lo darajada o‘tdi.
To‘g‘ri, operatsiya jarayonida muammolar bo‘ldi, lekin meni shifokorlar oyoqqa turg‘azishdi. Hatto, operatsiyaning oltinchi kunida meni shifoxonadan chiqarib yuborishdi. Hozirgi kunda, albatta, muolajam davom etmoqda. Kimyoviy muolaja olyabman. Bu yerda shifokorlarning eng yaxshi guruhi bor.
U.X.: — Hozirda Turkiyadasiz, yoningizda oila a’zolaringizdan kimlar bor?
R.Sh.: — Albatta, yonimda har doim kimdir bo‘lgan, faqat galma-galdan. Asosan qizim, hatto, kuyovim, o‘g‘lim va kelinim, yaqin dugonam Gulnoza, xo‘jayinim, akam, onam hammalari kelib menga qarashdi. Chunki oktyabr oyidan beri men Turkiyadaman. Xo‘jayinim ham kelib-ketdilar, ular ishlaganlari uchun har doim yonimda bo‘lolmaydilar. Kichik o‘g‘lim ham maktabda o‘qiydi, shuning uchun turmush o‘rtog‘im u bilan Toshkentda qolishga majbur bo‘ladilar. Xudoga shukrki, qudalarim tushunadigan tilla insonlar. Qizim turmushga chiqqan bo‘lishiga qaramay, bu yerga kelib, meni parvarishlashiga ruxsat berishdi.
U.X.: — Kasallik bilan kurashish barobarida ijodni, ishni va xayriya faoliyatini davom ettirmoqdasiz. Bu mushkul emasmi?
R.Sh.: — Albatta, bu oson emas, lekin "Mehrli qo‘llar" juda kuchli jamoa. O‘rinbosarim Dilfuza Karimova har doim yo‘qligimni bildirmaydi. Yaxshiyamki, hozir internet zamoni, onlayn ishlashga ham imkoniyatim bor, asosiy ishimni onlayn tarzda olib boraman. Jamoa bilan bog‘langan holda ish faoliyatim umuman to‘xtamadi. Juda ko‘p rejalarimiz, tadbirlarimiz, loyihalarimiz amalga oshirilmoqda. Hammasi a’lo darajada ketmoqda. Ijod ham to‘xtamadi, faqat okyabrdan yozgacha ijodimda tanaffus bo‘ldi. Bu vaqtda asosan men o‘zimga e’tibor qildim. Orada Toshkentga borganimda, garchi oilam ruxsat bermasa-da, fotosessiya va reklamalarda suratga tushib olardim. Bizga ijodsiz yashash qiyin. Hozir “Mendirman Jaloliddin” seriali suratga olinmoqda. Men ham ayni paytda Turkiyadaman, shu sababli muolaja va ijod baravar ketmoqda. To‘g‘ri, bu qiyin, men sizga buni oson demayman, lekin ishlasa bo‘lar ekan.
Kimyoviy muolaja olib chiqqanimdan keyin ertasi kuni suratga olishga ketyabman. Kimyoviy muolajalar miyani charchatadi va xotiraga ta’sir ko‘rsatadi. Suratga olish jarayonlarida mening ijroyim turk tilida bo‘lgani uchun barcha matnlarni turk tilida yodlashga to‘g‘ri keladi. Siz professional aktrisa bo‘lganingizdan keyin yuzingiz yerga qaramasligiga harakat qilasiz. Men o‘ylaymanki, bu serial ham menga kuch beradi, kelajak uchun kurash hissini uyg‘otadi. Men kerakman, meni kutishmoqda degan ovoz menga ilhom va kuch beradi.
U.X.: — Hozirgi kunda ayni kasallikka chalingan va bu suhbatni o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, opa-singillarimiz bo‘lsa, ularga nimalar deyolasiz?
R.Sh.: — Toshkentda mening shifokorim bor, Farrux Islomov. Men kasal bo‘lgan eng birinchi kunimdan u bilan aloqadamiz. Ayniqsa, Turkiyadagi vrachlar menga aytganlarini, tibbiyotga oid atamalarni tushunmasam, Farruxdan so‘rayman. U menga hammasini batafsil tushuntirib beradi. Yaqinda gaplashganimizda Farrux menga” Ra’no opa sizdan bir iltimosim bor”, deb aytdi. Qanday iltimos desam, “Siz har bir kuningizni, shu kasallik bilan kurashayotdan daqiqalaringizni yozib borishingiz kerak. Hamma kechinmalaringizni, o‘zingizda hayotni davom ettirishga qayerdan motivatsiya olganingizni yozing”, dedi. Balki bu kitob kasallik bilan kurashayotganlar boshqalar uchun bir ma’lumotnoma sifatida xizmat qilar degan so‘zlarni eshitganimdan so‘ng, bu g‘oya menga yoqdi.
Men, albatta, qanday qilib bu yo‘lni bosib o‘tganim haqida kitob yozaman. Kechinmalarim boshqalar uchun yordam berishiga ishonaman. Menga Instagram’dan ko‘pchilik yozadi, bemorlar va ularning yaqinlari qo‘ng‘iroq qilishadi. Ular ham mendan motivatsiya olishni hohlashadi. Men ular bilan soatlab suhbatlashaman, vaqtimni ayamayman.
Kasal kasal emas, kasalni boqqan kasal deganlaridek, bemorni parvarishlash oson emas. Ayniqsa, onkologik kasal bilan og‘rigan insonni parvarish qilish qiyin. Men motivatsion video-roliklar tayyorlash, bu haqida ko‘proq gapirish, kurashga motivatsiya berishda davom etaman. Bilasizmi, bu kasallik bilan kurashishga motivatsiya juda zarur. Sababi ko‘pchilik muolajalarni yarmida tashlab ketadi. Bu og‘ir va og‘riqli jarayon. Kimyoviy muolajalar vaqtida ko‘pincha erkaklar yarim yo‘ldan qaytib ketishar ekan. Ammo kimyoviy muolajalarsiz bu kasallik bilan kurashib bo‘lmaydi. Cizda bu kasallikdan tuzalishning 1% imkoni bormi? Siz bu imkoniyatdan, albatta, foydalanishingiz kerak. Shifokorlarning aytishicha, menda aynan 1% imkoniyat bo‘lgan ekan. Ular hattoki operatsiyadan oldin “Ehtimol kech qolgan bo‘lishimiz mumkin. Ochib ko‘ramiz, vaziyat yomon bo‘lsa, qaytib yopib qo‘yamiz. Agar ozgina bo‘lsa-da sog‘ hujayralar qolgan bo‘lsagina biz yordam berolamiz. Shunday bo‘lsa-da sen bizga imkon ber”, deb aytishgan va biz buni uddaladik.
Bu kasallikka chalinganini bilganlar tushkunlikka tushib qoladi. Buni qabul qilish nihoyatda qiyin. Sizning aqlingiz bu narsani qabul qilolmaydi. Buni qabul qilish, tushunish va kasallik bilan kurashishning o‘z bosqichlari bor. Bu bosqichlardan o‘tish uchun siz o‘z ustingizda ishlashingiz kerak. Kasal bo‘lgan paytim menga ko‘plar psixolog bilan uchrashing, gaplashing deyishdi. O‘sha paytda men psixolog bilan emas o‘zimga o‘xshagan insonlar bilan muloqotda bo‘lishni xohlardim. Men kabi kasallikka chalingan va shu kasalni yengib chiqqan odamlar bilan gaplashgim kelardi. Shunday insonlarni qidirganman va bitta jiyanimning do‘stining do‘stini topganmiz. 25 yoshli Sardor ismli yigit shunday onkologik kasallikka chalinib, Germaniyada olti yil davomida muolaja olibdi. Hozir u yigit soppa-sog‘, tog‘larda snoubord uchib, o‘zini biznesini ochib, sog‘lom hayot kechirmoqda. U kasallikni yengib chiqdi. Shu yigit bilan meni onlayn tanishtirishdi. U menga olti oy davomida internet orqali yozib, qo‘ng‘iroq qilardi. Kasallik haqida gaplashardik, u qanday qilib shu kasallikni yengish mumkinligi haqida aytardi. Menga motivatsiya berardi. Undan juda minnatdorman.
Xonanda “Stromae”ning “ quand c'est ?” nomli qo‘shig‘ida aynan mana shunday kasallik haqida qo‘shiq kuylagan ekan. Ana shu klipni ko‘rib meni ichimda shunday dahshatli narsa borligini sezganman, xuddi shu narsa ichimdan yeb tashlayotgandek tuyulardi. Bu og‘riqlarga chidab berish juda qattiq azob edi. U holatda meni faqat oilam ko‘rgan. Bir narsani tushundimki, mening ham vazifam boshqa insonlarga motivatsiya berish. Bekordan-bekorga men Instagram’ga videolar qo‘ymadim, bekorga kasalligimni ochiqcha e’lon qilmadim. Men odamlarga bugungi kunda saratondan shifo topish mumkinligini isbodlashim kerak, degan xulosaga keldim.
Dunyoda nanotexnologiyalar yordamida shunday dorilar yaratilgan. To‘g‘ri, ular qimmat, lekin saratonning davosi bor. Yana shuni ham unutmaylikki, hammasi doriga bog‘lanmagan. Hammasi sizning o‘zingizga bog‘liq. Siz bu kasallik bilan kurashishga tayyormisiz? Siz oxirigacha borasizmi? Siz o‘z miyangizga bu kasallikni tanangizdan quvib solish buyrug‘ini berolsangiz, bu kasallikni yengasiz.
Men o‘limga tayyor bo‘lgan edim, o‘limdan qo‘rqmay qo‘ygan edim. Xudo meni yaratdi va men bir kuni unga qaytaman. Men faqat qancha umrim qolganini bilmayman, xolos. Men hamma narsaga tayyorman. Lekin Allohdan menga yana sog‘lom va go‘zal hayot berishini so‘rayman. Men bu hayotdan, o‘z oilamdan, meni kelajakda kutayotgan yaxshiliklardan bahra olishni hohlayman. Men bu hayotdan zavq olib yashashda davom etaman.
LiveBarchasi