Meni aybdorga chiqarishdi – G‘ani “Tolibon”ga yengilishining asosiy sababini aytdi

Olam

image

Afg‘onistonning sobiq Prezident Ashraf G‘ani boshliq hukumati AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp davrida 2020 yil fevralida “Tolibon” harakati bilan tuzilgan va NATO kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishni ko‘zda tutuvchi kelishuv sabab mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda Ashraf G‘ani BBC’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Tinchlik jarayoni o‘rniga biz chekinish jarayonini qo‘lga kiritdik”, deydi G‘ani va kelishuv uning hukumatini “yo‘q qilganini” qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u Qobulning “Tolibon” tomonidan bosib olinishiga olib kelgan noto‘g‘ri hisob-kitoblar uchun uning hukumati mas’ul ekanini tan oldi. Ayniqsa, G‘ani o‘z xatolari orasida “xalqaro hamkorlar”ga haddan tashqari ishonib qolganini ko‘rsatdi. 

“Mening butun hayotimdagi mehnatim barbod bo‘ldi. Mening qadriyatlarim oyoq osti qilindi va ular meni aybdorga chiqarishdi”, deb xulosa qilgan sobiq Prezident.

Avvalroq Ashraf G‘ani Qobuldan qanday qilib qochganini gapirib bergani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni "Tolibon" harakati Afg‘oniston poytaxtini egallab, hokimiyatni qo‘lga oldi. Harakat 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi. Keyinroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, u dastlab O‘zbekistonga, so‘ng BAAga uchgan.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsherni egallagach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.    

Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, minglab afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.


Maqola muallifi

Teglar

Ashraf G'ani

Baholaganlar

344

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing