Men hali ham qonunan Afg‘oniston Prezidentiman – Ashraf G‘ani

Olam

image

Men Konstitutsiyaga ko‘ra Prezidentman va Afg‘oniston xalqi hokimiyatni qonuniy ravishda boshqa birovga topshirmaguncha, men Prezident bo‘lib qolaman. Bu haqda Afg‘onistonning qochoq Prezidenti Ashraf G‘ani ABN’ga bergan intervyusida aytgan. 

10 avgust kuni kechqurun Ashraf G‘ani qariyb 90 daqiqalik intervyusida Mudofaa vazirligi, AQSH elchixonasi va milliy xavfsizlik idoralari evakuatsiya qilinganini bilgach, Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘lganini aytgan. 

2021 yilning avgust oyida Prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistondan toliblar Qobulga kirishidan avval qochib ketgani xabar qilingandi. “Tolibon” esa Ashraf G‘anining Afg‘onistonni tark etganidan xabar topganidan keyingina, avvalo Vashington bilan maslahatlashganidan so‘ng, Qobulga kirganini aytgan. 

Ashraf G‘ani o‘z intervyusida Qobulning qulashi oldidan AQSHning bir qator iste’fodagi generallari va ommaviy axborot vositalarining xabarlari afg‘on armiyasining ruhiyatini zaiflashtirganini aytadi. 

U, shuningdek, uning hokimiyatdagi sherigi va Milliy yarashuv oliy kengashining sobiq rahbari Abdulla Abdulla va hali ham Qobulda bo‘lgan sobiq Prezident Hamid Karzayni qattiq tanqid qildi. 

G‘ani Afg‘onistondagi hukumat tizimining zaifligi uchun Abdulla Abdullani, AQSHning Afg‘onistondagi tinchlik bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Halilzodni esa “o‘z-o‘ziga yetarli bo‘lmagan” shaxs deb atadi. Hozircha Abdulla, Karzay va Halilzod G‘anining so‘zlariga hech qanday munosabat bildirmagan. 

Karzay va Abdulla avvalroq G‘anini Afg‘onistondan qochgani uchun tanqid qilib, uni hokimiyat o‘tkazilishiga putur yetkazayotganlikda ayblagan edi. 

Ashraf G‘anining video intervyusi efirga uzatilishidan avval Zalmay Halilzod “Ozodlik” radiosi afg‘on xizmati bilan maxsus suhbatda janob G‘ani hokimiyatni topshirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshira olmaganini aytdi. 

G‘ani “Tolibon” rejimi haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, Tolibon harakatining hozirgi rahbari mulla Haybatulloh Oxundzoda “Tolibon” asoschisi mulla Muhammad Umarning ta’siri va vakolatiga ega emas. 

Avvalroq, “Tolibon” hukumati bosh vazir o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar toliblar Ashraf G‘anini o‘ldirmoqchi emasligini aytgan edi. Bu bayonot G‘anining o‘zi agar Afg‘onistonni tark etmaganida, “birinchi “Tolibon” hukmronligi davrida Qobulda osilgan Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Najibullaning taqdiriga duchor bo‘lardim”, degani bilan bog‘liq holda aytilgan. 

Ashraf G‘ani o‘z intervyusida “Tolibon”ga qurolli qarshilik ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlamasligini, biroq ayni paytda “Tolibon” noto‘g‘ri siyosat yuritayotganini va hanuzgacha Pokiston bilan aloqadorligini qo‘shimcha qilgan. 

Bungacha qator siyosatchilar va oddiy fuqarolar Ashraf G‘ani o‘z va’dalariga zid ravishda mavjud tuzumni himoya qilmagani, hokimiyatdagi korrupsiya va o‘zboshimchaliklarning oldini olmagani haqida gapirgan edi. 

Bundan tashqari,  yaqinda “Wall Street” gazetasi mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi qashshoqlik va ochlikda yashayotgan bir paytda Afg‘onistonning sobiq hukumati amaldorlari, jumladan Ashraf G‘anining yordamchilari Dubay va Amerikada uy sotib olishga millionlab dollar sarflagani haqida maxsus hisobot chop etgan edi.  

Eslatib o‘tamiz, Ashraf G‘anining birinchi o‘rinbosari Amrullo Solih o‘tgan yilning 17 avgust kuni Twitter’da o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi sifatida e’lon qilgan edi, chunki Afg‘oniston Konstitutsiyasi normalariga ko‘ra, agar Prezident yo‘q bo‘lsa, qochib ketsa yoki vafot etsa, birinchi o‘rinbosar prezident vazifasini bajaruvchiga aylanadi.  

Shu yilning 21 fevralida BMT Ashraf G‘anini prezidentlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. 

G‘anining qochishi

Ma’lumot uchun, 2021 yil 14 aprelda AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi operatsiyani to‘xtatishga qaror qilganini e’lon qildi. Bu Amerika tarixidagi eng uzoq xorijiy harbiy kampaniya bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar bu urushni 2001 yil oktyabr oyida boshlagan. Amerika qo‘shinlarini olib chiqish 2021 yil may oyida boshlangan va sentyabr oyi boshida yakunlangan. AQSHning 2010-2013 yillardagi amaliyoti eng yuqori cho‘qqisida Afg‘onistondagi G‘arb kuchlari soni 150 ming kishidan oshdi. AQSH va NATOning asosiy jangovar bo‘linmalari 2014 yilda Afg‘onistondan olib chiqildi.

Qo‘shma Shtatlar o‘z kuchlarini olib chiqish niyatini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiyani boshladi. O‘tgan yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani xorijga qochib ketgan va “Tolibon” jangsiz Qobulga kirib kelgan.

6 sentyabr kuni “Tolibon” butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Ashraf G'ani

Baholaganlar

342

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing