Xitoy “Tolibon”ni SHHT sammitiga taklif qildi
Olam
−
21 aprel
3378Xitoyning Qobuldagi elchisi Chjao Sin Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini shu yili o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda muvaqqat hukumat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Ariana News” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, mazkur taklif TIV moliya va boshqaruv bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Nayim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida bildirilgan. Kecha, 20 aprel kuni e’lon qilingan rasmiy bayonotda aytilishicha, Xitoy Afg‘oniston bilan “ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga” qiziqish bildirgan.
Shuningdek, bayonotda Chjaoning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan. U Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida Xitoy o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga “katta ahamiyat berishini” va ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish yo‘lida qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Uchrashuv chog‘ida Muhammad Nayim qo‘shnichilik munosabatlarining ahamiyatini alohida qayd etgan.
“Xitoy va Afg‘oniston qo‘shni davlatlardir, qo‘shnilar o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarni saqlab qolish har ikki tomon uchun muhim”, degan Nayim.
Ma’lumot uchun, Afg‘oniston 2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Islomobodda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitiga taklif qilinmagan. Afg‘onistonning SHHTdagi maqomi 2021 yil sentyabrdan beri faol emas. Mamlakat 2012 yil 7 iyunda SHHTga kuzatuvchi a’zo sifatida qabul qilingan, biroq bu muddat ichida tashkilot faoliyatida faol ishtirok etmagan.
SHHTning 25-sammiti shu yilning ikkinchi yarmida Xitoyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur sammit oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, atrof-muhit va terrorizmga qarshi kurash kabi muhim masalalarni muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ladi. Dunyo yalpi ichki mahsulotining 25 foizi va aholisining 40 foizini o‘zida mujassam etgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti iqtisodiy, savdo va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni mustahkamlashda ahamiyatli o‘rin egallaydi. Bundan tashqari, Xitoyda yil davomida SHHT doirasida 40 dan ortiq qo‘shimcha yig‘ilishlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
LiveBarchasi